Kredit miqdori: 1-kurslar uchun bir yillik kontrakti miqdorigacha ajratiladi.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari bundan mustasno).
Qaytarish muddati: o‘qish muddati (3, 4 yoki 5 yillik muddat) tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga.
Foizi:
yigitlar uchun — Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozir 13,5% — 2024-yil 10-sentyabr holatiga);
qizlar uchun – foizsiz (0%);
Asosiy stavka o‘zgarsa: agar Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaysa, unda kredit foizi ham pasayadi. Agar asosiy stavka ko‘tarilsa, unda kredit foizi o‘zgarmaydi (yaʼni ko‘tarilmaydi).
Kimlarga beriladi:
faqat kunduzgi taʼlim shakliga
bakalavr (shu jumladan ikkinchi mutaxassislik) yoki magistrga
to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan
yoki o‘qishini ko‘chirgan talabalarga beriladi.
Quyidagilarga berilmaydi:
super-kontrakt uchun;
sirtqi;
kechki;
masofaviy;
maxsus sirtqi shakllar uchun taʼlim krediti berilmaydi.
Qaysi OTMlar uchun: taʼlim krediti O‘zbekistondagi davlat, nodavlat yoki xorijiy
oliy;
o‘rta maxsus;
professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari
yoki qo‘shma dasturda o‘qiydigan talabalarga beriladi.
Xorijda joylashgan OTMlarda o‘qish uchun taʼlim krediti berilmaydi.
HEMIS dasturiga ulanmagan xususiy OTMlarning talabalariga ta’lim krediti berilmaydi.
Kafillik: kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila aʼzolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar taʼlim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin (yaʼni aynan qarindosh bo‘lishi shartmas).
Fuqarolik: taʼlim krediti faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun beriladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga banklarning o‘zlari tijoriy shartlarda kredit berishi mumkin.
Kerakli hujjatlar: bankka quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) ariza;
b) talaba va taʼlim muassasasi o‘rtasidagi shartnoma (kontrakt);
d) kredit qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
e) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (agar bo‘lsa);
f) bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli maʼlumot va hujjatlar.
Ariza ko‘rib chiqilish vaqti: ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqilishi va kredit shartnomasi imzolanishi kerak. Agar rad etilsa bu haqda talabaga sababi ko‘rsatilgan javob xati beriladi.
Muddatdan oldin qaytarish: kredit oluvchi taʼlim kreditini shartnomada belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqli.
Arizani qachon va qanday berish kerak: ta’lim krediti olish uchun arizani bugunning o’zida bersangiz ham bo’laveradi. Buning uchun albatta bankka borishingiz ham shart emas, quyidagi 2 usul orqali onlayn ariza yuborish ham mumkin:
1) https://talim-krediti.mf.uz sayti;
2) Yagona portal orqali (https://my.gov.uz/oz/service/677).
Bankka borish ma’qul bo’lsa, unda bu variantni ham ko’rishingiz mumkin.