Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart To’qayev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvda uning iltimosiga koʻra Ukraina atrofidagi vaziyat haqida fikr bildirdi.
“Fakt shuki, Rossiya harbiy jihatdan yengilmaydi. Urushning yanada avj olishi butun insoniyat va birinchi navbatda, Rossiya-Ukraina mojarosida bevosita ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar uchun tuzatib boʻlmaydigan oqibatlarga olib keladi. Afsuski, Istanbul bitimini tuzishdan bosh tortish bilan hech boʻlmaganda sulhga erishish uchun yaxshi imkoniyat yoʻqoldi. Ammo tinchlik uchun imkoniyat hali ham mavjud. Turli davlatlarning barcha tinchlik tashabbuslarini diqqat bilan koʻrib chiqish va harbiy harakatlarni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish kerak. Keyin hududiy masalalarni muhokama qilishga oʻtiladi.
Bizningcha, Xitoy va Braziliya taklif qilayotgan tinchlik rejalari qoʻllab-quvvatlashga loyiq. Davlat rahbarlari kelib-ketadi, lekin xalqlar, ayniqsa, qoʻshni xalqlar tinch va oʻzaro hamjihatlikda yashashi kerak”, — degan Qozogʻiston yetakchisi Germaniya kansleri bilan tor doiradagi uchrashuvda.