“Betob qizning operatsiyasi uchun” firibgarlari uzoqqa bormadi

“Betob qizning operatsiyasi uchun” firibgarlari uzoqqa bormadi

O‘zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi “Betob qizning operatsiyasi uchun” deya o‘zganing nomidan akkaunt ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan firibgarni qo‘lga oldi.

Ushbu akkaunt egalari Qoraqalpog‘iston respublikasida yashovchi ayol A.Z. ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs uning qizining fotosuratini ijtimoiy tarmoqlarga joylab, xalqdan operatsiyaga pul yig‘ayotgani ma’lum bo`lgan. Ayol ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlarining o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jarayonni Farg‘ona viloyatida yashovchi M.M. sodir etganligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.M. jabrlanuvchi A.Z.ning betob qizi Z.T.ning nomidan akkaunt ochib, uning fotosurati va video tasvirlarini hamda o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartalarini uning nomidan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarga joylagan va operatsiya uchun xalqdan yordam puli so‘rab, aldash yo‘li orqali fuqarolarning xayriya tariqasida o‘tkazgan pullarini o‘zlashtirib kelgan.

Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.