foto: Ukraina prezidenti ofisi
Rossiya armiyasining bahorda Ukrainaga uyushtirishi rejalashtirilgan hujumi allaqachon boshlangan. Bu haqda Vladimir Zelenskiy BBCʻga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, Ukraina Qurolli Kuchlari kontrhujumga oʻtmaguniga qadar hujumlarni qaytarib turadi. Ammo buning uchun Ukrainaga Gʻarbdan koʻproq qurollar kerak boʻladi. “Qurollar — bu Rossiya tushunadigan yagona til”, — deydi Zelenskiy.
Bundan tashqari, prezidentning aytishicha, Ukraina hech qanaqa hududiy yon bosishlarni amalga oshirmaydi va Vladimir Putin bilan murosaga bormaydi.
“Bugun bizning omon qolishimiz, birligimiz — yagona maqsaddir. Biz Yevropa tomon boryapmiz, Ukraina shu yoʻlni tanladi. Bularning barchasini qoʻldan chiqarib boʻlmaydi. Ukraina xavfsizlik kafolatini istaydi, barchamiz birlashuvni xohlaymiz. Shunday ekan, har qanday hududiy jihatdan murosaga borish faqatgina bizning davlatimizni kuchsizlantiradi. Gap ʻmurosaʻ soʻzida emas. Nega undan qoʻrqish kerak? Bizda hayot uchun millionlab murosa bor. Ular har kuni sodir boʻlmoqda. Masala — kim bilan ekanligida. Putin bilan murosa? Yoʻq! Nega? Chunki uning iymoni yoʻq”, — deydi u.
Avvalroq Rossiya qoʻshinlari 15 fevral kuni Ukraina hududiga aviatsiya va dengizdan 32 ta qanotli raketa bilan zarba bergandi. Ukraina Qurolli Kuchlari Harbiy-havo kuchlari maʼlumotlariga koʻra, havo hujumidan mudofaa kuchlari 14 ta qanotli raketani hamda ikkita Kh-59 boshqariladigan raketalarni urib tushirgan. Qolgan raketalar esa Ukraina shimoli va gʻarbidagi, shuningdek, Dnepropetrovsk va Kirovograd viloyatlaridagi muhim infratuzilma obyektlariga zarba bergan.