Foto: yandex kartinki
Markaziy bank bitta foydalanuvchiga beriladigan kartalar sonini cheklashni rejalashtirmoqda.
Behzod Hamrayevning ta’kidlashicha, ayrim mijozlar yuzlab kartalarga ega bo‘lib, bu firibgarlar tomonidan kartalardan mablag‘larning o‘zlashtirilishiga olib kelmoqda.
Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 26-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada, ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilishadi.
Behzod Hamrayev bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta’kidladi.
Qanday cheklov o‘rnatish taklif qilinayotgani haqidagi savolga regulyator raisi o‘rinbosari aniq javob bermadi. Markaziy bank maqbul yechim topish uchun mazkur masalani tahlil qilishni rejalashtirmoqda, dedi u.
Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan buyon fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bo‘yicha 463ta holat qayd etilgan. Umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etdi.