Tasavvur qiling, siz qancha orzu va umidlar bilan yangi xonadon olish istagida uy sotib olyapsiz. Ammo unda rohat qilib yashash sizga ikki-uch yillab sarsongarchilik ortidan ham kelmayapti. Kamiga siz sotib olgan xonadon 2-3 kishiga sotib yuborilgan bo’lsa, ahvolingiz ne kechardi.
MUHIM24.UZ tahririyatiga so’nggi paytlarda bir necha bor Navoiy tomonlardan murojaatlar kelib tushadi.
Unda murojaatchilar Navoiy shahrida qad rostlayotgan yangi qurilishdan xonadon xarid qilishgani, ammo hali hamon uyning kalitini qo’llariga olishmayitgani vaj qilinadi.
Kamiga xonadonlar 2-3 kishiga pullab yuborilgani, uy egalari esa bu xonadonlar asli kimnikiligini bilmasdan yana ovoragarchilikka duch kelayotgani ta’kidlangan.
Tahririyat o’rganishlari davomida aniqlik kiritilishicha, Navoiy shahrida “Bright Industry Buldings The Future” MChJ qurilish tashkiloti qurayotgan bu ko’p qavatli turar joy majmuasi 148 ta xonadon va 14 ta savdo do’konidan iborat bo’lishi ko’zda tutilgan.
Ammo ta’sischilar uni 425 kishiga sotgan, 263 kishining pulini shaxsiy ehtiyojiga sarflab yuborgan.
Hozirda MChJ mas’ullariga nisbatan juda ko’p miqdorda firibgarlik bo’yicha jinoyat ishi qo’zg’atilgan. Ish 20 avgustda ochilgan va uch oydan oshibdiki, hamon tergovda turibdi. Na aholiga va na bu borada murojaatlarni o’rganayotgan OAVlarga bu borada hech qanday yangilik berilmayapti.
Boshlangan tergov davomida ta’sischi Mehroj Rahmatovga tegishli bo‘lgan 12 ta ko‘chmas mulk, jumladan, bolalar bog‘chasi, beton ishlab chiqarish zavodi, issiqxona, baliqxona binolari, shuningdek, 8 ta transport vositasi xatlangan.
Shunga qaramay, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar halicha to’liq qoplanmagan.
Jabrlanuvchilarni esa qurilish rahbarining qing’irligi ortidagi zarar shunchalik katta bo’lishiga qaramay, ushlab turishdek ehtiyot chorasi ko’rilmayotgani xavotirga solmoqda.
«MUHIM24.UZ» sayti ushbu holat yuzasidan Navoiy shahri hokimligi, prokuraturasi va “Bright Industry Buldings The Future” MChJ rahbariyatlaridan rasmiy munosabat kutib qoladi.
«MUHIM24» sayti