Xabaringiz bor, yaqinda Farg‘ona shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Unda portlashda 1 kishi voqea joyida halok boʻlib, kuyish jarohatini olgan yana 3 kishi esa shifoxonada vafot etgandi. Qonunchilik palatasi deputati ushbu Fargʻona fojiasi boʻyicha soʻrov yubordi.
Ekologik partiya fraksiyasi aʼzosi, deputat Javlon Abdullayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga deputatlik soʻrovi yubordi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi raisi A.V.Rafiqov nomiga yuborilgan so’rovda keltirilishicha, Fargʻona shahar A.Yassaviy koʻchasida joylashgan “Fargona Layli Nahor” xususiy korxonasiga qarashli AYOQSHda avariya holatida suyultirilgan propan gaz hududga tarqalib, alangalanishi natijasida AYOQSH va uning atrofida boʻlgan qator insonlar har xil turdagi kuyish tan jarohatini olishi oqibatida vafot etgan, sogʻligʻiga jiddiy zarar yetgan. Bundan tashqari yuk va yengil avtomobillar, ushbu koʻchada joylashgan bir qancha koʻp qavatli uylar, fuqarolarning koʻchmas mulklariga zarar yetgan.
Deputat so‘rovida holat bo’yicha quyidagilar bayon qilingan:
«Shaharsozlik normalari va qoidalari (SHNK 2.09.20-08) koʻra, avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalarini aholi yashash hududlaridan maʼlum bir uzoqlikda qurish, xavfsizligini taʼminlash, favqulodda holatlarda uni bartaraf qilish boʻyicha zaruriy meʼyorlar belgilangan.
Bunday holat quyidagi savollarni yuzaga keltirmokda:
1. Fargʻona shahar A.Yassaviy koʻchasida joylashgan “Fargona Layli Nahor” xususiy korxonasiga qarashli AYOQSHni loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari qonun normalariga muvofiq amalga oshirilganmi?
2. Mazkur AYOQSH hududida avtomobillarga gaz quyish shaxobchasini (AGQSH) ham faoliyat olib borishiga ruxsat berilishi qonunchilik va boshqa meʼyoriy hujjatlar talabiga javob beradimi?
3. Mazkur AGQSHni ekspluatatsiya qilish va isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishda texnik va xavfsiz ishlatish toʻgʻrisidagi qoidalarga amal qilinganmi?
4. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining tegishli inspeksiyalari tomonidan mazkur AYOQSH/AGQSH qurilishi va faoliyati davrida oʻrganish, shuningdek faoliyatida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan choralar qoʻllash amalga oshirilganmi?
5. Mamlakatimizda bunday hodisalar boshqa takrorlanmasligi, ularni oldini olish yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi tomonidan qanday ishlar va chora-tadbirlar amalga oshirilmokda?
Yuqoridagilarga asosan, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq, Sizdan keltirib oʻtilgan savollar yuzasidan 10 kunlik muddat ichida asoslantirilgan tushuntirish berishingizni hamda oʻz nuqtai nazaringizini bayon etishingizni soʻrayman», degan deputat.
Shuningdek, u soʻrovda AYOQSHni loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlari qonun normalari boʻyicha boʻlganiga aniqlik kiritish, bunday hodisalar boshqa qaytalanmasligi va ularni oldini olish boʻyicha nimalar qilinyapti degan muhim savollar qoʻyilganini ta’kidlab o‘tgan.
Bu so‘rovdan so‘ng, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev ham bunga o‘z fikrini bildirgan.
«Fargʻona shahar AYOQSHdagi avariyada yaxshigina rezonans chaqiryapti. Odamlar hayoti oʻyinchoqmas har holda. Tasavvur qiling, birrovga shundoq zapravkaga deb chiqib ketgan odamlarni orqasidan uyiga vafot etdi degan xabar kelib turibdi. Shu yaxshi amaliyot. Qonun chiqaruvchi organ ijrochilarni vaziyat boʻyicha hisobot berishga chaqiryapti. Endi qoʻmita oʻn kun ichida deputatlik soʻroviga javob berishi kerak», deydi Rasul Kusherbayev so’rovga o’z munosabatida.