Yarim o‘rta vazn toifasidagi professional bokschimiz Shahram G‘iyosov shu kunlarda Toshkentda mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
Internetda bokschi Shahram G‘iyosov Buka Gym sport zalida ayiq bilan jang qilib, uni chalqanchasiga yiqitgani aks etgan video tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda sportchining harakatlari qoralandi. “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati IIV va Ekologiya vazirligiga murojaat qildi.
Olimpiya o‘yinlari sovrindorimiz ayiqni bo‘g‘ib qo‘ydi. Hayvonning og’zini bog’lab, panjalarini kamar bilan ushlab, uni qarshilik ko’rsatish qobiliyatidan butunlay mahrum qilgan.
“Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati videoni ko‘rib hayratga tushgan fuqarolardan xabarlar olganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, videoda boshqa sportchilar ham borligi aytiladi. Ayiqning tirnog‘i yo‘q, deya aniqlik kiritishdi jamoatchilik vakillari.
Tashkilot Ichki ishlar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ariza tayyorladi.
Sportchi ham, tasvirga olish ishlari olib borilgan sport zali ham hozircha hech qanday izoh bermagan.