Ilon Mask Kapitoliy voqealaridan so‘ng Trampning Tvitterdagi sahifasini bloklagani uchun unga 10 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.
Da’vo 2021 yilda Twitter (X) va kompaniyaning o‘sha paytdagi bosh direktori Jek Dorsiga nisbatan qo‘zg‘atilgan edi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Maskning Trampga yaqinligi va tadbirkorning saylov kampaniyasi davomida 250 million dollar sarflagani sababli sud jarayonini to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
2021 yil yanvarida Facebook, Instagram va Twitter Donald Trampning akauntlarini bloklagan edi. Ushbu voqea Tramp tarafdorlari AQSh prezidenti saylovi natijalarini tan olmasdan, Kongress binosiga hujum uyushtirganidan so‘ng yuz berdi. 2022 yil noyabrda Twitter’ning yangi egasi Ilon Mask Trampning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini blokdan chiqardi.
2025 yil yanvar oyining oxirida esa Meta kompaniyasi Trampga uning Facebook va Instagram tarmoqlaridagi sahifalarini bloklash oqibatida kiritgan da’vosi bo‘yicha 25 million dollar to‘lashga rozilik bildirgan edi.