Agar haydovchi bir yil ichida 12 ball to‘plasa, ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Barcha jarima ballari “E-jarimaball” elektron tizimi orqali avtomatik hisoblanadi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, shuningdek, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilish borasidagi mas’uliyati va madaniyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko’ra, endi transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarining haydovchilariga nisbatan jarima ballarini hisoblash ularni asosiy jazodan ozod etmasligi eslatib o’tilmoqda.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom joriy etilmoqda:
transport vositasini boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etish holatlarini jarima ballari asosida baholash tartibi;
yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash jadvali;
haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganda, jarima ballarini hisoblash tartibi;
haydovchilar tomonidan jarima ballari hisoblanishi bo‘yicha murojaat qilish tartibi.
Nimalar belgilanmoqda?
Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi qo‘shimcha chora hisoblanadi;
mazkur tizimning bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash maqsadida, jarima ballari transport vositalarini boshqargan haydovchilarga nisbatan faqat Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanadi;
yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi “E-jarimaball” moduli orqali (keyingi o‘rinlarda “E-jarimaball” moduli) inson omilisiz avtomatlashtirilgan tartibda hisoblab boriladi;
o‘n ikki oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan transport vositalari haydovchilariga rag‘batlantirish tariqasida, keyingi davrda yo‘l harakati qoidalarini birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima bali hisoblanmaydi;
haydovchilarning oxirgi huquqbuzarligi uchun jarima bali hisoblangan vaqtdan boshlab, ular olti oy davomida yo‘l harakati qoidabuzarliklariga doir boshqa huquqbuzarlik sodir etmagan taqdirda, uning umumiy jarima ballaridan ikki jarima bali ayirib tashlanadi. Agar haydovchilar jarima ballarining umumiy miqdori ikki jarima balidan kam bo‘lgan taqdirda, barcha jarima ballari ayirib tashlanadi hamda jarima ballarini hisoblash muddati birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan vaqtdan yangidan boshlanadi.