Ijtimoiy tarmoq faoli Emine-Lemara Mirzaahmedova Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan ayblanib, 2023-yilning 1-mart kuni hibsga olingani haqida xabar tarqaldi. Toshkent viloyati IIBB holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Aniqlanishicha, 1976-yilda tugʻilgan fuqaro L.Mirzaahmedovaga tegishli “TEX KREDO” MCHJga Yangiyoʻl tumani hududida joylashgan, xotira maydonchasini zamonaviy shaharsozlik talablari darajasida taʼmirlash uchun shartnoma asosida mahalliy byudjet hisobidan 329 million 300 ming soʻm ajratib berilgan.
Keyinchalik mazkur shartnoma ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvida esa pudratchi MCHJ rahbari 47 yoshli L.M. (ijtimoiy tarmoqlarda Emina Karamanova taxallusi bilan tanilgan) va boshqalar tomonidan aslida bajarilmagan 227 million 135 ming soʻmlik ishlarni qoʻshib yozish orqali rasman bajarilgan ishlar hisobiga kiritib, koʻp miqdorda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgani aniqlangan.
Shuningdek, boshqa bir holatda ham ushbu MCHJ mansabdorlari tomonidan xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 7-sonli maktabning qoʻshimcha xoʻjalik binosini qurib berish uchun shartnoma asosida 157 million soʻm byudjet mablagʻlari ajratilgan boʻlib, ish hajmini qoʻshib yozish orqali haqiqatda bajarilmagan ishlar uchun yana 13 million 441 ming soʻm talon-toroj qilingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash va qalbakilashtirish, sotish yoki foydalanish) 2 va 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
“Hozirda pudratchi ʻTEX KREDOʻ MJCH rahbari L.Mirzaahmedova himoyachi bilan taʼminlangan xolda jinoyat ishiga jalb etilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuni alohida qayt etish joizki, mazkur jarayonlar fuqaro L.M.ning OAVdagi blogerlik faoliyatiga aloqador emas”, deyiladi idora axborotida.