Saudiya Arabistoni noqonuniy Haj uchun jazoni kuchaytirdi

Saudiya Arabistoni noqonuniy Haj uchun jazoni kuchaytirdi

«10 yilgacha deport va 26 ming dollar jarima» — agar haj qoidalarini buzsangiz bu jazo sizni kutmoqda. Xo’sh, u qanday va qay holatlarda qo’llaniladi?

Saudiya Arabistoni ichki ishlar vazirligi xabariga ko’ra, Haj ziyoratiga borish uchun ruxsatnoma tartiblarini buzganlar uchun jazo choralari joriy yil Haj mavsumida – 29 apreldan 10 iyunga qadar qo‘llanadi.

Qirollik ichki ishlar vazirligi Haj ziyoratiga borish uchun ruxsatnoma tartiblarini buzgan, shuningdek, bunday huquqbuzarliklarga koʻmaklashgan shaxslarga jazo choralarini eʼlon qildi.
Ushbu jazo choralari joriy yil Haj mavsumida – 29-apreldan 10-iyunga qadar sodir qilingan qoidabuzarliklarga qoʻllaniladi:

1. Ruxsatnomasiz Haj ziyoratini ado etayotgan, koʻrsatilgan muddat davomida Makka shahrida qolishga uringan barcha turdagi ziyorat vizasi egalariga taqriban 5,3 ming dollargacha jarima solinadi.

2. Hajni ruxsatsiz bajarishga uringan shaxslar uchun viza olganlarga, bunday shaxslarni yashirishga uringanlar, mehmonxonalar yoki xususiy uylarga joylashtirganlar, har bir noqonuniy ziyoratchi uchun — 26,6 ming dollargacha jarimaga tortiladi.

3. Qonunga xilof ravishda Hajni ado etishga uringan shaxslarning yashash muddati tugagan boʻlsa, ular deportatsiya qilinadi va 10 yil davomida Saudiya Arabistoniga kirishi taqiqlanadi.

4. Bunday shaxslarni Makka yoki muqaddas joylarga tashishda foydalanilgan transport vositalari sud tomonidan musodara qilinadi.

Shuningdek, Qirollik hududida viza muddati tugagach chiqib ketmagan xorijliklar uchun 50,000 saudiy riyali – 13,3 ming dollargacha jarima, 6 oygacha qamoq va deportatsiya jazolarini belgiladi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi joriy yil 23 apreldan 9 iyunga qadar o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish xizmatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Bu holat ham aynan – O‘zbekiston va Tojikistondan Umra yoki sayohat uchun borib, ruxsatsiz Haj uchun qolib ketayotgan fuqarolarning ko‘pligi sabab bo‘lgani aytilgan edi.