“Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayollarni pasport suratiga ro‘molini yechib tushishga majburlash amaliyotini to‘xtatishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu masalada dunyoviylik tamoyillari va shaxsiy tanlov erkinligiga rioya qilish lozim.
Dunyoviylik va shaxsiy tanlov
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekanligi muhokama qilinmaydigan haqiqatdir. U quyidagicha izoh berdi:
“Dunyoviy davlat ko‘pchilik saylagan parlament tomonidan qabul qilingan va ko‘pchilik saylagan prezident tomonidan ma’qullangan qonunlarni buzmagan holda, o‘zi istaganidek yashash imkonini beradi.”
Uning fikricha, O‘zbekistonda barcha millat va dunyoqarashdagi fuqarolar qonunlarga rioya qilgan holda erkin va farovon hayot kechirishi uchun sharoit yaratish asosiy maqsad sifatida belgilangan.
“Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan,” deydi u.
Shaxsiy erkinlik va tenglik
Qodirov shaxsiy tanlov erkinligini misollar orqali tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bir fuqaro pivo ichmoqchi bo‘lsa, bu uning tanlovi, ichmaydigan fuqaro esa ichmaydi va hech kim bu tanlov uchun izoh berishga majbur emas. Shu bilan birga, u qonunlarda alkoholni reklama qilish taqiqlanganini eslatdi:
“Alkoholni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkin emas, bu amaldagi qonunda belgilangan. Albatta, parlament saylovlarida mutlaqo g‘alaba qozonadigan biron siyosiy kuch qonunni o‘zgartirib, alkoholni ‘milliy qadriyat’ yoki bir jinslilar o‘rtasidagi oila qurishni erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin.”
Ro‘mol masalasi va identifikatsiya
Partiya rahbari, ayniqsa, e’tiqodli ayolning ro‘mol kiyish tanloviga e’tibor qaratdi. U Jennifer Lopez misolini keltirib, shaxsiy tanlovga hurmat masalasini ta’kidladi:
“Jennifer Lopezning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, agar u narkotika tarqatmasa yoki davlatga qarshi tashviqot qilmasa, o‘tkazadi. Tanani ko‘rsatish — uning tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki. Dunyoviylik shu!”
U shunday davom etdi:
“Xuddi shunday, ro‘mol o‘rab yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshning tanlovi ham qonun bilan himoyalangan. Yalang‘och namoyishni dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham dahldar bo‘lmaslik kerak. Jennifer Lopezga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayol vatandoshlarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni va pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni to‘xtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzning ochiq bo‘lishini taqozo qiladi, sochning emas. Jennifer Lopezga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayol vatandoshlarimizga ham ko‘rsataylik.”
Alisher Qodirov dunyoviylikni “ishongan va ishonmaganlarga teng bo‘la olish” deb ta’rifladi va bu masalada zaifni zo‘r tomonidan “hayotdan dars berish”ga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. U fikrini Gabriel Garcia Marquezning dunyo falsafasiga ishora qilib yakunladi:
“Jennifer Lopezning raqsini tushunish uchun Marquezning dunyo falsafasini o‘qigan bo‘lish kerak.”