“Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–392-son, 27.12.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Samarqand viloyatida drayver loyihalarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi manzilli dastur tasdiqlandi, jumladan:
xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega hamda ichki xo‘jaliklararo 298 km avtomobil yo‘llari hamda 15 ta yo‘l o‘tkazgichni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
14 ta tuman (shahar)da 1 ta podstansiyani ta’mirlash, 70 ta transformator punktini o‘rnatish, 137 km elektr tarmoqlarini yangilash;
ichimlik suvi va oqova suv tizimini yaxshilash uchun 14 ta tumanda 90 ta suv inshooti, 242 km suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash.
2026 yil 1 iyuldan Samarqandda:
qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari to‘liq tuman (shahar) suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkaziladi;
suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida talabgorlarga paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun belgilangan tartibda har bir gektariga 12 mln so‘mdan subsidiya beriladi.
📝 2026 yil 1 yanvardan viloyatdagi qurilish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish loyihalari qat’iy ravishda “yashil” tamoyillar va energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
🏛 2026/2027 o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha fakultet tashkil etish choralari ko‘riladi.
