“Otamdan qolgan dalalar” filmi Solovyov va Umarova bahsiga tushdi

“Otamdan qolgan dalalar” filmi Solovyov va Umarova bahsiga tushdi
Foto: Ishonch.uz

Aziza Umarova Solovyov propagandasiga qarshi “Otamdan qolgan dalalar” filmini ommalashtirishni taklif qildi.

“Bu asar maktablarda tarix darslarining bir qismi bo‘lishi kerak”.

Foto: podrobno.uz

Rossiyalik telejurnalist Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyo va Armaniston haqidagi navbatdagi tajovuzkor bayonoti yana bir bor Kremlga yaqin media platformalar qanday ishlashini ochiq ko‘rsatdi.

Foto: RuNews24.ru

Taniqli jamoat arbobi Aziza Umarova Solovyov bayonotidan so‘ng quyidagi fikrni ilgari surdi: ehtimol, aynan hozir Shuxrat Abbasov suratga olgan “Otamdan qolgan dalalar” filmini nihoyat keng jamoatchilikka qayta namoyish etish vaqti kelgandir.

Uning ta’kidlashicha, bu film ikki soat ichida Markaziy Osiyo xalqlari va imperiyaviy tizim o‘rtasidagi munosabatlar evolyusiyasini badiiy, tushunarli va ta’sirchan shaklda ko‘rsatib bera oladi. Ayniqsa, uzun tahliliy matnlarni o‘qimaydigan yoki siyosiy jarayonlarga chuqur kirib bormaydigan auditoriya uchun bunday format ancha samarali.

Film Tog‘ay Murod romani asosida suratga olingan bo‘lib, u oddiy insonlar taqdiri, xotirasi va yo‘qotilgan dunyosi haqida nihoyatda lirik, rostgo‘y va og‘riqli hikoyadir.

“Otamdan qolgan dalalar” filmi premyerasidan so‘ng tez orada taqiqlangan va 1997 yildan beri televideniye efirlarida namoyish etilmagan. Faqat YouTube platformasidagina saqlanib qolgan.

Bu taqiq tasodifiy emas: film mustamlakachilik ruhiyatini, inson qadrining poymol etilishini va tarixiy jarayonlarni rasmiy propagandadan farqli nuqtai nazarda ko‘rsatgan.

Aziza Umarovaning fikricha, bunday asarlar maktablarda tarix darslarining bir qismi bo‘lishi, televideniyeda muntazam namoyish etilishi, jamoatchilik muhokamasiga chiqarilishi kerak.