Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi “Fay” mahallasida joylashgan sanoat va bog‘dorchilik loyihalari uchun yo‘llar ta’mirlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-392-son qarorida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishni nazarda tutadi. Ushbu hujjat doirasida viloyatda infratuzilma loyihalari, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivoji uchun katta mablag‘lar ajratilmoqda. Jumladan, 2026-yilda viloyat rivoji uchun jami 5,2 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Qarorning muhim yo‘nalishlaridan biri — transport infratuzilmasini yaxshilash orqali sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdir. Shu maqsadda Paxtachi tumanidagi “Fay” mahallasi atrofida ikkita muhim yo‘l ta’mirlash loyihasi amalga oshiriladi:
1. Sanoat zonasi uchun yo‘l ta’miri
“Fay” mahallasidan sanoat korxonalariga boruvchi «Qarnobota – 4R-185» avtomobil yo‘lining 20 km qismi ta’mirlanadi.
Bu yo‘l orqali kaolin, bazalt, ohaktosh, marmar tosh, gips, qalay, kvars qumi, granit, sement xomashyosi, qurilish toshlari va g‘isht xomashyosi qayta ishlash korxonalariga yuk tashish osonlashadi. Natijada logistika xarajatlari kamayadi, yangi sanoat korxonalari ochilishi tezlashadi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi
Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish — qarorning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
2. Intensiv bog‘dorchilik uchun yo‘l ta’miri
“Guliston” va “Fay” mahallalari hududidan o‘tuvchi «Qarnobota – 4R-185» yo‘lining 5 km qismi ta’mirlanadi.
Bundan asosiy maqsad esa “Fay” mahallasi atrofida 300 gektar maydonda yangi mevali bog‘ barpo etish jarayonlarida infratuzilmani yaxshilashdir. Bu loyiha eksportga yo‘naltirilgan meva yetishtirishni ko‘paytiradi. Qishloq aholisi bandligini ta’minlaydi. Mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlaydi
Samarqand viloyatida intensiv bog‘dorchilik va yangi bog‘lar barpo etish bo‘yicha loyihalar alohida e’tibor qozonmoqda. Ushbu ikkala loyiha ham bitta yo‘l — «Qarnobota – 4R-185» ning ta’mirlanishi orqali amalga oshirilmoqda. Bu yondashuv transport infratuzilmasini samarali rivojlantirish va bir vaqtda sanoat hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Loyihalar ijrosi Samarqand viloyati hokimligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralar tomonidan nazorat qilinishi ko’zda tutilgan. Ishlar 2026–2027-yillarda bosqichma-bosqich yakunlanishi kutilmoqda.
«MUHIM24.uz»
