Narxlar to‘xtovsiz o‘sayotganiga qaramay uy oluvchilar soni ko‘paymoqda

Narxlar to‘xtovsiz o‘sayotganiga qaramay uy oluvchilar soni ko‘paymoqda
  • 2025 yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida bitimlar 15%ga oshdi
  • Eng ko‘p uylar Toshkentdan olinayapti

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada kuchaydi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, yil davomida uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 295 mingtaga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizdan ortiq o‘sish demakdir.

Eng yuqori o‘sish sur’atlari hududlar kesimida kuzatildi. Xususan, Buxoro (25,7%), Sirdaryo (23,3%) va Samarqand (19,7%) viloyatlari bozor faolligi bo‘yicha yetakchilar qatoriga chiqdi. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha barcha bitimlarning qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 84 mingga yaqin bitim amalga oshirildi.

Narxlar masalasida esa ikkilamchi uy-joy bozorida o‘sish moʻtadil, ammo barqaror bo‘ldi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha narxlar 8 foizga oshdi (2024 yilda — 6,2%). Ayniqsa, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda uy-joy narxlari yil davomida 17 foizgacha o‘sdi.

Eng qimmat uy-joylar an’anaviy ravishda poytaxtda saqlanib qoldi. Samarqand viloyatida bir kvadrat metr narxi 834 dollar, Toshkent viloyatida esa 682 dollarni tashkil etdi. Eng arzon uy-joylar esa Qoraqalpog‘istonda — 378 dollar atrofida qayd etildi.

Toshkent shahrida bozorda turli yo‘nalishdagi harakatlar kuzatildi. Ikkilamchi bozorda o‘rtacha narx deyarli o‘zgarmadi (+0,6%) va 1 100 dollardan oshdi, ayrim tumanlarda esa (Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor) 5 foizgacha pasayish kuzatildi. Birlamchi bozorda aksincha, narxlar 9 foizdan ko‘proq o‘sdi, eng katta o‘sish Mirobod (18%), Yashnobod (14%) va Mirzo Ulug‘bek (13,5%) tumanlarida qayd etildi.

Ijara bozorida ham o‘sish saqlanib qoldi. Poytaxtning markaziy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun 11 dollar darajasida bo‘ldi. Eng tez o‘sish Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida kuzatilib, yillik o‘sish 11 foiz atrofida baholandi.

Mutaxassislar fikricha, 2025 yil natijalari ko‘chmas mulk bozorida hududiy farqlar kuchayotgani, poytaxt esa hali ham asosiy drayver bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.