Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga yetdi. Biroq qamrovni 80 foizga chiqarish uchun qo‘shimcha bog‘cha o‘rinlarini yaratish zarur. Ayni paytda 39 ta tuman va shaharda bu ko‘rsatkich 70 foizdan past.
Shuningdek, davlat bog‘chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat bog‘chalarda esa 76 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga egaligi sohada kadrlar salohiyatini oshirish muhimligini ko‘rsatmoqda.
2026–2028 yillarda har bir hududda 120 o‘rinli “Yangi avlod” davlat bog‘chalari hamda Bolalarni rivojlantirish innovasion markazlari tashkil etiladi. Ushbu bog‘chalar xodimlariga oylik maoshiga qo‘shimcha 20 foiz ustama to‘lanadi.
Nodavlat ta’lim muassasalariga ham maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat beriladi. Bu ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Kadrlar tayyorlash tizimi ham yangilanadi. 2026–2027 o‘quv yildan pedagogika OTMlarda dasturlar xalqaro tajriba asosida takomillashtiriladi, amalda ishlayotgan pedagoglar uchun “5+1” dual ta’lim asosida bakalavrlar tayyorlanadi.
2027–2028 o‘quv yildan maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga davlat namunasida elektron sertifikat beriladi.
Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qamrov past hududlarda tadbirkorlarga katta imtiyozlar joriy etiladi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan bog‘chalar uchun 30 yilgacha ijara to‘lovi undirilmaydi, har bir bola uchun davlat tomonidan 50 foizgacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, 150 o‘rinli nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit, tarbiyachilar maoshi esa uch yil davomida davlat hisobidan qoplab beriladi.
