Besh yil: biz va biz bilan bo‘lganlar!

Besh yil: biz va biz bilan bo‘lganlar!

Besh yil – ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketgan qisqa, ammo mazmunli davr. Bu vaqt ichida “Paxtachi” gazetasi tahririyati turli sinovlar, yutuq va qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Ayniqsa, bugungi kunda bosma nashrlar obunachilar sonining kamayishi bilan yuzlashayotgan bir paytda, media sohasiga ilk qadamni qo‘yish, faoliyatni qaysi yo‘nalish va rakurslarda boshlash jamoamizni uzoq o‘ylantirgan edi.

2021-yil yanvar oyida tahririyat Telegram sahifasini joyiga qo‘yish va mavzular xilma-xilligini qayta ko‘rib chiqishdan boshladi. Fevral oyida esa “PAXTACHI MEDIA” nomi ostida sahifalarimiz yangilandi.

Aynan shu yili Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan noyob voqea – “Ko‘rpa” mahallasidagi Elobod ko‘chasida G‘aybulla Xayrullayevning xonadonida “qanotli buzoqcha” dunyoga kelishi – butun mamlakat va bir qator xorijiy OAVda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Jamoamiz tomonidan tayyorlangan va 26-fevral kuni YouTube’ga joylangan kichik reportajimiz ko‘plab mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari uchun asosiy manbaga aylandi. Bu video bizning media sohasidagi uzoq muddatli reportaj va ko‘rsatuvlarimizga mustahkam zamin yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chekka tuman gazetasi uchun bu katta boshlang‘ich yutuq edi va internet-nashr sifatidagi faoliyatimizni aynan shu voqea bilan bog‘lashimiz tabiiydir.

Shundan so‘ng ijodiy jamoamiz aholi orasidagi dolzarb muammolar va qiyinchiliklarga bag‘ishlangan tanqidiy va tahliliy reportajlar, jurnalistik surishtiruvlarni ketma-ket e’lon qila boshladi. Mahalliy aholi va yaqin hududlardan sahifalarimizga qiziqish keskin oshdi. Maktab va bog‘cha ta’limi sohasi vakillari, iste’dodli o‘quvchilar bilan birgalikda turli ko‘rsatuvlar, tanlov va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik. Tibbiyot xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi jamoasi bilan hamkorlikdagi loyihalar bizni aholiga yanada yaqinlashtirdi.

2023-yilda esa rasmiy veb-saytimiz – muhim24.uz ishga tushdi. Shu vaqtdan boshlab barcha sahifalarimiz ushbu nom ostida faoliyat yurita boshladi. Bugun biz aynan besh yillik yoshimizni nishonlamoqdamiz.

Shu yillar davomida jurnalistika sohasiga qiziqqan ko‘plab yoshlar tahririyatimizga qo‘shildi. Ular nafaqat kasb sirlarini o‘rgandi, balki amaliy jarayonlarda ham faol ishtirok etdi. Shu tariqa norasmiy, ammo rasmiy jamoa bilan teng huquqli ijodiy guruh shakllandi.

2021–2023-yillarda “Kelajak jurnalistlari” to‘garagimiz orqali bir qator o‘quvchilar jurnalistika bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni egalladi. Bugun ularning aksariyati sohada o‘z yo‘lini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

Keling, sizni biz bilan birga sohaga kirgan va faoliyatini davom ettirayotgan ba’zi ijodkorlar bilan tanishtirib o‘tamiz:

Sevinch Xoliqova – jamoatchi muxbirimiz

Tumanning “Boltali” mahallasidan bo‘lgan ijodkorlimiz, jamoatchi muxbirimiz va ilk media boshlovchilarimizdan hisoblanmish Sevinch Xoliqova bugun, ta’lim,  harbiy jurnalisti sifatida salmoqli  faoliyatini yuritmoqda. S.Xoliqova tahririyatimizning “Kelajak jurnalistlari” ijodiy-to‘garagi ilk qaldirg‘ochlaridan biri.  Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universitetining harbiy jurnalistika yo‘nalishi talabasi ham hisoblanadi. U shuningdek, universitetning “Lider qizlar” klubi raisi ham.

Sevinch Xoliqova bilan “Yoshlar bilan bir kun”, “Tarixga nazar”, “Mahallada bir kun”, “Bitta savol bor” kabi loyihalarimiz katta muvofaqqiyatli yurishlarimizdandir. Shuningdek, u bilan tayyorlangan bir qator reportajlarimiz kuzatuvchilar tomonidan iliq qarshi olingan.

Madina Erkinova – muxbir va musahhihimiz

“Jahonobod” mahallasidan. 2021-yildan beri tahririyatda, “Kelajak jurnalistlari”ning ilk yetuk bitiruvchilaridan. Hozirda Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti jurnalistika yo‘nalishi talabasi. 2023-yildan rasmiy a’zo. “Tinglanganlar”, “Yoshlar yetakchisi bilan bir kun” loyihalari va «“Uya”dan tashqarida” qisqa metrajli filmining g‘oya muallifi. Hozirda farzand tarbiyasida.

Gulzoda Nurmo‘minova – sobiq muxbirimiz

“Oqtepa” mahallasidan. “Kelajak jurnalistlari” to‘garagining dastlabki bitiruvchilaridan. “Tarixga nazar” ko‘rsatuvining “Oqtepa” soni mualliflaridan biri, fotomuxbir sifatida ham faoliyat yuritgan.

Gulchiroy Abdullayeva – jamoatchi muxbirimiz

Paxtachi tumanining “Qirguli” mahallasidan. Gulchiroy Abdullayeva uzoq yillardan beri gazetamizning jamoatchi muxbirlaridan, eng faol ijodkorlaridan sanaladi. Uning badiiy va jurnalistik usulllardagi materiallari kuzatuvchilarni o‘ylantirishi, o‘zgacha olamga yetaklashi bilan iliq qarshi olinadi.  Hatto hozirda ham turli jiddiy mavzularda qalam tebratib, bir nechta maqolalari bilan chiqishlarini davom ettirmoqda.

Jamoatchimiz media sohasidagi ilk faoliyat vaqtlarimizdan jamoamiz bilan yelkama-yelka turib, xalq tili bilan aytganda og’ir va quvonchli kunlarimizga ham birdek sherik bo’la olgan. Uning 2021-22-yillardagi YouTube sahifamizda yangi yo‘nalishda tashkil etilgan “Ko‘ngil” loyihasi bilan ko‘pchilik yaxshi taniydi. Bu loyiha jonli ijro, turli xil eng faol ijodkorlar bilan dildan suhbatlar orqali platformaning barcha qoidalariga rioya etilgan, mashaqqatli, ammo sermahsul ishlarimizdan sanaladi.

Shuningdek, qator videoroliklar, jumladan, “Odamiylik” ilk qisqa metrajli filmimizda rejissorlik qilgan.

Hozirda Navoiy shahri Madaniyat bo‘limida faoliyat olib boradi.

Shahnoza Rahmatova – jamoatchi muxbirimiz

“Mirzo Nodim” mahallasidan. Geosiyosiy va bir qator ko‘rsatuvlarimizning boshlovchilaridan hisoblanadi. Shirali ovozi va information usulda axborotlarni yetkaza olish qobilyati bilan boshqa ijodkorlarimizdan alohida ajralib turadi. “Kelajak jurnalistlari” to‘garagimizning ilk qaldirg‘ochlaridan biri sanaladi.

Hozirda Nodrik universitetining  Jurnalistika yo‘nalishi talabasi. Toshkentda ham soha bo‘yicha faoliyatini davom ettirib, “Portal24”, “Anhor.uz” kabi nufuzli internet nashrlarida ishlamoqda.

Uning ijodiy yondashuvidagi reportaj va chiqishlari doim kuzatuvchilarimizga manzur kelgan.

Jonibek Obloqulov – jamoatchi muxbir, sobiq tasvirchi va montaj ustasi

Bu ijodkorimiz mediani endi boshlayotgan vaqtlarimizda bizga yelkama-yelka turib har tomonlama ko‘maklashgan. O‘sha kezlarda tahririyatimizda deyarli yo‘q bo‘lgan media uchun zarur texnik ta’minotni o‘zining “Ziyovuddin media” videostudiyasi orqali beminnat ta’minlardi. Ilk bor videoreportajlar boshlashimizda bizda yo‘q bo‘lgan tasvirga olish va montaj mahoratlarini o‘rgatib, bu borada xodimlarimizga ustozlik ham qilgan ayni shu ijodkorimiz bo‘ladi.

“Tarixga nazar”, “Ko‘ngil”, “Yoshlar yetakchisi bilan bir kun” kabi yirik tasvirga olish jarayonini talab qiluvchi ko‘rsatuvlarimizda nafaqat o‘zi, balki studiyasidagi jamoasi bilan yordam bergan.

Obloqulov ham hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universitetining talabasi hisoblanadi. Hozirda Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Mash’al” gazetasida soha bo‘yicha rasmiy faoliyat olib bormoqda.

Sevinch Elmurodova – jamoatchi muxbirimiz

Paxtachi tumani, “Saroy” mahallasidan bo‘lgan bu ijodkorimiz o‘tkir zehni, fikrlashi va ilmga intilishi bilan o‘z davridagi tahririyatimiz ijodkor yoshlari orasida alohida ajralib turardi.

Gazetamiz, YouTube va Instagram sahifalarimizda axborotlarni yetkazishda yaqindan ko‘maklashib kelgan. Loyihalarda koordinatorlikni ham mahorat bilan eplaydiganimiz, shu qizimiz bo‘lgan.

Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalari universitetining Jurnalistika yo‘nalishi talabasi, Poytaxtdagi xususiy loyihalarda boshlovchilik, SMM marketing xodimi sifatida ishlab kelmoqda.

Marjona Olimova – jamoatchi muxbirimiz

Professional ovoz sohibi. Geosiyosiy ko‘rsatuvlar va so‘rovnomalarda faol. Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi, “Yoshlar” teleradiokanali “Davr” dasturi muxbiri.

Toshkentdagi muxbirlarimiz (2024–2025-yillar):

Saida Ibodullayeva

Malika Xubon

Isroil Qurdoshev

Ularning har biri veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda muhim mavzular, sport va geosiyosiy xabarlarni chop etishda katta hissa qo‘shdi.

Bugungi kunda ham tahririyatimiz eshiklari yangi ijodkorlar uchun doim ochiq. Dilnoza Hakimova, Jasmina Norboboyeva, Zulfizar Toshtemirova, Nozanin Nurillayeva kabi yangi avlod allaqachon faol ishtirok etmoqda.

Besh yil ichida bizga ishonch bilan qo‘shilgan 70 mingdan ortiq obunachilarimiz bor. Jonli efirlar bilan birga AI boshlovchilar yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda.

Bugungi statistika:

YouTube “MUHIM24.UZ” (geosiyosiy) – 29,4 ming obunachi, 7,2 mln tomosha

MUHIM SPORT (yangi) – ~100 obunachi, 500 ming tomosha

Instagram – 39,4 ming obunachi, 4 mln+ tomosha

Threads – 1 ming obunachi

TikTok – 2,5 ming kuzatuvchi

Rasmiy Youtube platformasi ham 5 yillik yoshimiz munosabatida, barcha mualliflik huquqlariga amal qilgan va qoidalar asosida faoliyat yuritgan kanalimizga o‘z tabrigini yo‘lladi.

Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz jamoasi nomidan yuqoridagi har bir ijodkorlarimizga o‘z minnatdorligimizni izhor qilamiz. Bugungi bizning har bir yutug‘imizda ayni shu ijodkorlarning beqiyos mehnatlari ham yotadi.

Shuningdek, Sizdek sodiq kuzatuvchilarimiz bor ekan, biz hali bundan ham katta marralarni zabt etishimizga ishonamiz.

“MUHIM24.uz” – besh yoshda! Oldinda yanada kattaroq maqsadlar! Rahmat sizlarga – aziz kuzatuvchilar va hamkorlar!