«Biz buyuk sayohatchilarmiz» shiori ostida geografiya tadbiri o‘tkazildi

«Biz buyuk sayohatchilarmiz» shiori ostida geografiya tadbiri o‘tkazildi

Paxtachi tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabida 7-sinf o‘quvchilari ishtirokida geografiya faniga bag‘ishlangan «Biz buyuk sayohatchilarmiz» nomli ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Geografiya fani o‘qituvchisi N.Rajabova tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu kecha o‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish hamda ularning fan bo‘yicha bilimlarini amaliy va qiziqarli tarzda mustahkamlashga xizmat qildi.

Tadbir davomida o‘quvchilar dunyo xaritasi sirlari va insoniyat tarixida muhim iz qoldirgan geografik kashfiyotlar haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdilar. Xususan, Xristofor Kolumb, Raul Amundsen va Robert Skott kabi mashhur sayohatchilarning hayoti, ularning qiyinchiliklarga to‘la safarlari hamda amalga oshirgan kashfiyotlari yuzasidan tayyorlangan ma’ruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, o‘quvchilar geografik viktorinalarda o‘zaro bellashib, intellektual salohiyatlarini namoyish etishdi.

Tadbirning eng e’tiborli jihatlaridan biri har bir o‘quvchining o‘z shaxsiy «sayohat xaritasi»ni yaratishi va taqdim etishi bo‘ldi, bu esa ularda tadqiqotchilik va ijodkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berdi.

Maktab direktori U.Samanov hamda Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.Quvanov tadbirning mazmun-mohiyatiga yuqori baho berib, bunday tashabbuslar o‘quvchilarda ilmga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishda muhim omil ekanligini ta’kidladilar. Kuzatuvchilar va keng jamoatchilik vakillari ta’lim maskanlarida o‘quvchilarning intellektual dunyosini boyituvchi bunday ijodiy loyihalar bardavom bo‘lishi lozimligini e’tirof etdilar.