Navoiyda “Iqtidor” tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Navoiyda “Iqtidor” tanlovi g‘oliblari aniqlandi

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Madaniyat uyida “Iqtidor” maktab ansambllari respublika tanlovining viloyat bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-noyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida milliy cholg‘u san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish, ularning xalq cholg‘ulariga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga qaratilgan.

Tanlovning dastlabki tuman va shahar bosqichlari katta qiziqishlar ostida o‘tdi. Unda viloyatdagi 367 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 890 ta maktab jamoasi onlayn ro‘yxatdan o‘tib, o‘zaro bellashdi. Hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar esa viloyat bosqichida o‘z iste’dod va mahoratlarini namoyish etishdi.

Hakamlar hay’ati tomonidan baholangan yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Zarafshon shahridagi 4-maktabning “Amanat” jamoasi qo‘lga kiritdi. Faxrli 2-o‘ringa Navoiy shahridagi 8-maktabning “Navo” jamoasi loyiq deb topilgan bo‘lsa, 3-o‘rin Uchquduq tumanidagi 10-maktabning “Navo” jamoasiga nasib etdi. Tanlov yakunida g‘olib va sovrindor hamda faol ishtirok etgan jamoalar diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shahzod AKMALOV, Navoiy viloyati «Kelajak» markazi axborot xizmati