Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlaridan iborat uyushgan jinoiy guruh aniqlandi.
Ushbu guruh fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, rasmiy to‘lovlardan tashqari har bir shaxsdan 7 mingdan 12 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda noqonuniy mablag‘ yig‘ib kelgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh tomonidan jami 90 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan. Xususan, 230 nafar fuqaroni yuborish evaziga 580 ming dollar, amalda Koreyaga ketgan 1 000 nafar fuqarodan esa 5,6 million dollar noqonuniy undirilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda ishga yuborilmagan 600 dan ortiq fuqaroning murojaatlari asosida yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar, agarda siz yoki yaqinlaringiz ushbu guruh faoliyatidan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Bosh prokuratura Departamentining 71-233-10-07 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishingiz so‘raladi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi to‘liq kafolatlanadi.
