Navoiy shahridagi 15-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida (IDUM) “Variativ sinflarda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali ta’lim sifatini oshirish” mavzusida viloyat miqyosidagi seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir ta’lim tizimiga zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, o‘qitish samaradorligini oshirish va tajriba almashish maqsadida o‘tkazildi.
Seminar doirasida maktab o‘qituvchilari tomonidan turli fanlardan ilg‘or metodlarga asoslangan ochiq darslar namoyish etildi. Xususan, ingliz tili fani o‘qituvchisi Mahfuza Ochilova o‘tkazgan ochiq dars yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dars jarayonida guruhli ishlash, rolli o‘yinlar va interaktiv mashqlar orqali o‘quvchilarning nafaqat bilim, balki amaliy qobiliyatlari ham sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilar zamonaviy pedagogik texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarning ta’lim sifatiga ta’sirini yuqori baholadilar.
Seminar faqat nazariy va metodik masalalar bilan cheklanib qolmay, maktabda sog‘lom muhit va intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar bilan ham boyitildi:
15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan tashkil etilgan sport estafetalari o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamladi.
Maktabning respublika bosqichlarida faol ishtirok etib kelayotgan “Zakovat” klubi a’zolari hamda pedagoglar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘yin barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Seminar yakunida viloyat ta’lim mas’ullari so‘zga chiqib, ta’lim sifatini yanada oshirish, raqobatbardosh va kreativ fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash bo‘yicha metodist hamda maktab rahbarlariga zaruriy tavsiyalar berdilar.
Ta’kidlash joizki, bugungi zamonaviy ta’lim jarayonlari — ertangi kun muvaffaqiyatining mustahkam poydevoridir.
