Chordoqdan chiqqan topilma

Chordoqdan chiqqan topilma

– …Ozoda Muxtarovna, keling, yana o‘sha muzey chordog‘idan topilgan harbiy “kaska” mavzusiga to‘xtalaylik. U chindan ham ikkinchi jahon urushi yillariga mansubmi? Janggohlarda ishtirok etgan biror bir paxtachilik askarniki ham bo‘lishi mumkinmi? Yoki bu mulohazalar shunchaki taxminmi? Bu borada  aniq ilmiy yo mantiqiy asosingiz bormi? Umuman, u chordoqqa qanday tushib qolgan?..

– Buncha shoshilmasangiz… Savollar bilan ko‘mib tashladingiz!.. Keling, bir boshdan so‘zlab beray. Bilasiz, o‘tgan asrning saksoninchi yillarida rahmatli Sobir Eshniyozov boshchiligida muzeyimizning hozirgi yangi binosi barpo etilgan. Bunga qadar tumanimiz xo‘jaliklarida ham “kolxoz” muzeylari faoliyatda edi. Botir Boybo‘tayev, Beknazar Xudoynazarov singari faxriylar tashabbuslari bilan qishloqlarda “volonterlik” harakati avj oldirilgan. Kishilar muzeylarga uylaridagi ota-bobolaridan qolgan tarixiy, eski, noyob buyumlarni o‘z ixtiyorlari bilan tekinga keltirib berganlar…

– Xo‘sh, keyinchi?

– Markaziy muzey binosi ishga tushgach, xo‘jaliklardagi muzeylar sekin-asta barham topdi, ulardagi xalq mulki hisoblanmish qimmatli barcha noyob va qadimiy yodgorliklar “rayon” muzeyiga tashildi… Eshitishimcha, o‘sha yillarda joylardan keltirilgan tarixiy ashyolar shuqadar ko‘p bo‘lganki, ular galareyalarga sig‘magan, ularni vaqtinchalik, keyinchalik saralash uchun muzey yerto‘lasiga, hatto chordog‘iga ham joylashtirishgan.

Ehtimol, ko‘cha-ko‘ch bo‘lgan o‘sha yillarda “kaska” muzeyga kelib  qolgan.

– Xo‘sh, davom etamiz, demak, aytganingizdek, muzey qorovuli Tolib Xudoyqulovga chordoq yog‘ochlarini dorilashni buyurgansiz, shundaymi?

– Ha, shunchaki, qurt-qumirsqa paydo bo‘lishiga qar­shi… U kishini tepaga chiqardim. Ma’lum bo‘lishicha, u yerning havosi dim, yoqimsiz, haddan ziyod issiq va nimqorong‘u ekan.

– Xo‘sh-xo‘sh, davom eting..?!

– Chordoqning bir burchida nimadir do‘mpayib turganligini ko‘ribdi u. Qorovulni biroz ko‘rquv bosibdi ham. Axir, xayolga nimalar kelmaydi, deysiz… Xullas, borib qarasa, shu harbiy “kaska”!.. Uni olib tushib, menga uzatdi…

– Xursand bo‘lib ketgandirsiz?.. Noyob topilma, axir!..

– Yo‘q, aksincha… “Kaska”ni tepa qismi anchagina yoriq­li ediki, uni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdim. Ko‘z ol­dim­ga xuddi kinolardagiday jang maydoni, jarohatlangan askar qiyofasimi-yey yo uning jasadimiyey… keldi. Hozir ham ko‘rgazmamiz zalida o‘sha “kaska”ga nigohim tushsa, go‘yo quloqlarimga o‘q, bomba tovushlari eshitilganday bo‘laveradi. Umuman, muzeyimizning boshqa eksponatlarida ham qandaydir sirli, dafa’tan kishi ruhiga ta’sir qiluvchi, notabiiy bir kuch bordek… Qo‘ying, boshqa mavzuga o‘taylik?..

– Bo‘pti, “kaska” masalasiga keyinroq qaytarmiz. Ha, aytmoqchi, tumanimizning mashhuri Ismat Sanayev rahmatli otasidan qolgan qandaydir noyob buyumni muzeyga taqdim qilgan, dedingiz. Nima u?

– Ha, u zovur, daryo bo‘ylarida o‘sadigan qiyak (qamish – tahr.), lux (qamish uchidagi “popuk”chasi – tahr.)dan xurjun shaklida to‘qilib, eshak, ot ustiga tashlanadigan va ekin maydonlariga go‘ng, tuproq, qoq kesak tashishga mo‘ljallangan, “kashshi” deyilguvchi anjom. Ismat Sanayevning rahmatli otasi ko‘p yillar undan foydalangan ekan. Umuman, muzeydagi madaniy merosimizning qariyb asosiy qismi aholi tomonidan ixtiyoriy tarzda topshirilgan, bu haqdagi ma’lumotlar maxsus tutilgan jurnallarimizda qayd qilingan, ularni onlayn bazasiga ham kiritayapmiz.

– Kuzatishimcha, Buxoro amirligi davrlariga oid harbiy qurollar ham ko‘rgazmalardan joy olgan?

– Ha, chunonchi, o‘qotar miltiq, sof po‘latdan ishlangan qilich, himoya sovuti, gurzi, palaxmon, kamon kabi noyob eksponatlarimiz borki, ular o‘sha zamonlardagi lashkarlarning jang vositasi. 18-19 asrlarga mansub ro‘zg‘or  mis idishlari, jumladan, chilim, qozon, obtova, o‘zbek ayollarining milliy taqinchoq va liboslari bo‘lmish tilla tuzey, shavkala, paranji kabi yodgorliklarni mehmonlarimiz zo‘r qiziqish bilan tomosha qiladilar.

– Eshitishimcha, muzeyga kirish seshanba va juma kunlari bepul emish?

– Shunday. Muzeyga ko‘proq tomoshabinlar kelishi, ayniqsa maktab o‘quvchilarinining cho‘ntagini o‘ylab, shunday imtiyoz yaratdik. Chunonchi, o‘tgan 7 oy mobaynida 1 ming 158 nafar tomoshabinga bepul, 763 kishiga esa pullik xizmat ko‘rsatildi. Yana aytsam, muzeyimizda eksponatlar soni avvalgi yillarga nisbatan bir muncha ortdi. Hozir ekspozitsiya zalida 310 ta tarixiy buyum va anjomlar bo‘lsa, fondagi ashyolar 445, yordamchi ashyolar soni 1 ming 272 taga yetgan.

– Chiptalar narxi..?

– Ey-y… aytishgayam arzimaydi: ikki-uch ming so‘m… Biz uchun xizmat puli emas, viloyatdagi reyting darajamiz muhimroq. Hali, puli yo‘q, deb birovni qaytargan emasmiz. Kelgan kishini xuddi o‘z uyimizning aziz mehmoniday quvonib, kutib olamiz!..

– Ozoda Muxtarovna, hozir barcha narsa pulga borib taqaladi. Muzeylar rivoji esa bu asosan jamoatchilik ishi. Sizlarga xolisona, xayriya yo ehson tarzidagi ko‘makdoshlar bormi?

– Bor, albatta. Musiqa maktabning amaliy san’at bo‘limi o‘qituvchisi Shoira Toyirova tuman markazidagi musiqa maktabi binosining, Dobusqala, Qoratepa yodgorliklarining maketini o‘z hisobidan vaqt va mablag‘ sarflab, bizga tortiq qildi. Tuman aloqa bo‘limining sobiq xodimi Meli To‘xtayev o‘tgan asrning o‘rtalariga xos, yarimavtomat telefon keltirib berdi.

Zarafshon jamoa xo‘jaligida yashagan, marhum o‘ymakor Pardaboy akaning o‘g‘li O‘ktamjon otasining murakkab qo‘l mehnatiga mansub, yog‘ochdan o‘yib yasalgan xo‘kizning bosh qismi, teleminora tasviri, muzeyimizning ikki tabaqali naqshinkor eshigini, tuyaqush haykalchalarini bizga tuhfa etgan… Bunday oliyjanob, vatanparvar kishilarimizning ro‘yxati uzun.

– Muzeyda direktor bo‘lib ishlayotganingizga 6 yil bo‘libdi. Sezishimcha, bu yerdagi qariyb barcha eksponatlarni har birini yoddan izohlab, tinglovchiga atroflicha tushuntirish bera olasiz. Bunday malakaga erishmoq qiyin kechgandir? Ustozingiz, yaqin maslahatgo‘ylaringiz bormi?..

– Birinchi galda tarixshunos, arxeolog, olim, qator ilmiy monografiyalar muallifi, Sankt-Peterburg shahridagi mashhur Ermitajning O‘rta Osiyo, Kavkaz va Sharq bo‘limida ikki yillik stajer-tadqiqotchi bo‘lib ishlab kelgan, “Afrosiyob” muzeyini qayta ta’mirlashda, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyini tashkil qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan, bevosita rahbarimiz, Samarqand Davlat muzey va ko‘riqxona bosh direktori Masud Samiyevdan juda va juda minnatdorman!

U kishi tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, imkon tug‘ilganda, Paxtachiga kelib ketib, bizga maslahatlar beradi, hatto shaxsan o‘z tashabbusi va g‘ayrati bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan “Buyuk Ipak yo‘li O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari oltin madaniy merosi” loyiha ko‘rgazmasiga bizning jamoamizni taklif etgan. Ma’rifiy maskanimiz xodimlari Dildora Ochilova, Shahlo Hamroyeva, Gulchehra Eshdavlatova, Dilnoza Himmatovalar ham u kishini ustoz deb bilishadi va chuqur hurmat qilishadi.

– Ozodaxon, muxbir xalqi qiziquvchan… Haligi, muzey chordog‘idan chiqqan harbiy topilmangiz haqida so‘zlab, dilimga cho‘g‘ solib qo‘ydingiz… Iltimos, shu mavzuga qaytaylik?.. Gazetamiz mushtariylari uchun ham bu hayojonli, shov-shuvli hodisa!.. Axir, bu qariyb 80 yillik gap – sensatsiya-ku!.. Qiziq, bu “kaska”ni haqiqatan ham Ikkinchi jahon urushi yillariga mansubligini qanday aniqladingiz?

– Men, avvalo, bu “kaska”ni 1KP–3/13 tartib raqamida ro‘yxatga olish chog‘ida, harbiy internet manbalariga, keyin esa sun’iy intellektga murojaat qilib aniqladim. Ma’lumotga ko‘ra, u “SSH-40” (Soldatskaya kaska”) deb nomlanib, o‘tgan asrning 40-yillarida Stalingrad (Sankt-Peterburg) shahridagi “Krasnaya Zvezda” harbiy korxonasida ishlab chiqilgan ekan. Internetdagi “fotomateriallar” bilan uni solishtirdim. Aynan shu: og‘irligi, aylana o‘lchovlari ham to‘g‘ri keldi!..

Faqat, bu namunadagi “kaska”lar respublikamizning harbiy do‘konlarida hamon sotuvda mavjud ekan. Shu jihatdan yondoshilganda, muzeyimizdagi “kaska” urushdan keyingi yillarda ham ishlab chiqilgan, ayrim sabab va oqibatlar tufayli tumanimizga kelib qolgan bo‘lishi ham mumkin… Nima farqi bor, asosiysi, uning tarixiy ahamiyatida, muzeyimizda saqlanib, o‘sha suronli yillar haqida guvohlik berib turganida!.. Shunday emasmi?!

– Albatta!.. Endi an’anaviy savolim: gazetxonlarimizga istaklaringiz?

– “PAXTACHI”ni o‘qib boraman… Gazetaning 90 yilligi ham nishonlandi… Istagim va iltimosim – muzeyimizga tez-tez kelib turingizlar. Kim biladi, chordoqdan chiqqan topilmamiz kabi gazetangizda shov-shuv qilishga arzirli yana biror mavzu chiqib qolar. Zero, madaniy va tarixiy meros, bu misoli dengiz, uning tubida hali qadim javohirlar ko‘p. Birgalashib kashf etamiz. Sizga ham rahmat!

– Sog‘ bo‘ling!

Suhbatni Jo‘raqul NARZULLAYEV tayyorladi.