… “Hammasi yaxshilikka” deyishni yaqinda o‘g‘lim Ilmiyor bir muammoga duch kelganida, unga o‘rgatgandim. 9 yoshli bolani shunchaki ovutib qo‘ymasdan, unga qiyinchilikdan imkoniyat izlash, harakat qilish yo‘lini ko‘rsatgandim. Shu oilaviy hikoyamni Sizlar bilan ham bo‘lishgim keldi.
Har yili biz yashaydigan Saarlandda (Germaniyaning 16 ta federal yeridan biri) “Make it Saarland” nomli ikki kunlik tadbir bo‘ladi. Bu tadbir davomida asosan IT va tabiiy sohalar bo‘yicha firmalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, oliygohlar, tadqiqot institutlari stendlarida yosh-u qarilar uchun turli mahorat darslari, qiziqarli infotaqdimotlar qilinadi. “Make it Saarland” tadbiri doirasida 8 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida IT, tabiiy fanlar, Robotik kabi yo‘nalishlarda musobaqa ham bo‘lib o‘tadi. Tanlovga odatda ikki kunlik tadbirdan uch oycha oldin start beriladi, bu yil tadbir 13-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi.
“Make it Saarland”ga har yili boramiz. O‘tgan yili tadbirga borganimizda, musobaqa g‘oliblari o‘z loyihalarini taqdim qilishganida, Ilmiyor ularga juda havas qilgandi va “keyingi yil, albatta, qatnashaman” degandi. Afsuski, ishlar bilan bu yil ham tanlov sanasini boy beribmiz. Tanlov haqida eslaganimizda, aprelning o‘rtasi edi va u allaqachon mart oyida boshlanib ketgan ekan. Muammo shunday ediki, mart boshidagi ochilish kuniga borgan bolalargina bu tanlovda qatnasha olishardi va har bir ro‘yxatdan o‘tgan bola yoki jamoaga maxsus “Arduino” nomli jamlanma-qurilma loyihasini amalga oshirish uchun bepul tarqatilgan edi. Undan tashqari, tanlov qatnashchilari loyihalarini rivojlantirish uchun tashkil qilingan turli mahorat dasrlarida qatnashib bo‘lishgan, ular maxsus mentorlar ko‘magida eksponatlarini yasashmoqda va keyingi kurslarga ham joylar band qilingan ekan. Ya’ni bir qarashda tanlovda (muvaffaqiyatli) qatnashish imkonsiz edi…
Men, tabiatimga ko‘ra, achchiq bo‘lsa ham doim haqiqatni aytaman, bunda farzandlarimni ham ayamayman. Shuning uchun o‘g‘limga bor haqiqatni aytishimga to‘g‘ri keldi, u judayam xafa bo‘ldi. Uning biroz xafa bo‘lishiga qo‘yib berdim, bu holatini yashab o‘tishini, eslab qolishini va bu tajribasi kelajakda unga asqotishini istadim. Chunki menda taklif-reja bor edi…
Ilmiyor sal o‘ziga kelgach, motivatsion nutq darajasida o‘zim qanday qilib bir muammodan imkoniyat yaratganim haqida so‘zlab berdim va unga: “…istasang, xuddi shunday sen ham tashkilotchilarga “email” yozib, Robotikka juda qiziqishing, dasturlash bo‘yicha tajribang borligi, maktabda Robotik to‘garagiga borishing, kech bo‘lsa-da, tanlovda qatnashishing mumkinmi, “Arduino” jamlanmasi senga ham bera olishadimi, so‘rab ko‘rishing mumkin!”, dedim. Ilmiyor: “…“Arduino” boshqa qolmagan” deyishsa, nima qilaman? , dedi. Men esa unga tayyor yechimni bermasdan: “…senda hozircha ikkita yo‘l bor, bitta yo‘lni bilasan, qatnashmaysan, ikkinchi yo‘lni esa o‘ylab ko‘r-chi?”, dedim. Ilmiyor har xil variantlarni aytdi, bularning orasida yangi “Arduino” sotib olish ham bor edi. Men, bu ham yaxshi yo‘l, lekin qimmat yechim, yana boshqa bepul yechim bor, o‘ylab ko‘r, dedim. Men o‘ylagan imkoniyat yo‘lini oxiri topdi: o‘zining shaxsiy “Lego Spike Prime” nomli to‘plami bilan tanlovda qatnashish.
Ilmiyor tashabbus qilib, tanlov tashkilotchilariga iltimos va taklif bilan “email” yubordi. Kutganimizdek, tashkilotchilar uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi, “Arduino” qolmaganini, lekin o‘z texnikasi bilan qatnashishi mumkinligini aytishdi. Ilmiyor juda xursand bo‘ldi, lekin unda vaqt juda kam qolgandi. Ammo unda loyihasi uchun g‘oyalar bor edi, shunga birdan ishga kirishib ketdi. Tanlov shiori “Dunyongni yaxshiroq qil!” edi va eksponatni yasashda nafaqat robototexnika, balki ekologik barqaror va ishlatilgan, eski materiallardan ham foydalanish lozim edi. Ilmiyor odatda kuni bilan maktabda va maktabdan tashqari turli to‘garaklarda band bo‘ladi. Bir oy davomida asosan kechki paytlar va dam olish kunlari tinimsiz ishladi, jami 3 ta prototip yasadi, necha martalab robotiga dasturlarini qaytadan yozdi, necha martalab robotini testdan o‘tkazdi, ukasi Omad ham “tester” sifatida jon deb qatnashdi. Biz esa dadasi bilan unga “feyedback” va motivatsiya berib turdik. Nihoyat, AIMER nomli MVP-robotni yaratdi (MVP – “Minimal Viable Product” – “Minimal amaliy mahsulot”).
Tanlov shartiga ko‘ra, 19-maygacha robotini ishga tushirib, videoga olib, yozgan dasturi va loyiha maqsadi haqida ma’lumotlarni tashkilotchilarga yubordi. Tashkilotchilar jamoasi asosan IT mutaxassislardan iborat edi. Ma’lum vaqtdan keyin ulardan ajoyib xushxabar keldi, Ilmiyorning loyihasi eng yaxshi uch loyiha tarkibiga kiribdi! Endi esa Ilmiyor maxsus hakamlar oldida loyihasining taqdimotini qilishi kutilayotgan edi. Ilmiyor bir hafta davomida bunga qattiq tayyorgarlik ko‘rdi va o‘sha kuni hakamlar oldida ancha jasoratli, o‘ziga ishongan holda robotini namoyish qildi. Shu paytgacha o‘zim hayotimda qancha taqdimotlar qilgan bo‘lsam ham, bunchalik hayajonlanmagandim…
Qolgan ikki raqib ishtirokchi taqdimotlarini, loyihalarini ko‘rib, ich-ichimdan sezdimki, o‘g‘limga birinchi o‘rinni berishadi. Jyurilar ham “anoyi” ekan. G‘oliblik darajasini “Make it Saarland” tadbiri kuni e’lon qilishini aytishdi, so‘nggi natijani 10 kun kutishimizga to‘g‘ri keldi. O‘sha kun ham keldi! Tadbir bo‘ladigan joyning yuqoriroq qismida joylashgan asosiy sahnada tanlov g‘oliblarini taqdirlash boshlandi. Rosa hayajondamiz, qo‘llab-quvvatlash uchun 88 yoshli nemis bobo-momomiz ham kelishgan… 3-o‘rinni e’lon qilishdi, keyin 2-o‘rinni 17 yoshli ishtirokchi loyihasiga berishganida, juda xursand bo‘lib ketdik, chuqur va yengil nafas oldim… Hayotim davomida turli yutuqlarga erishgan bo‘lsam ham, o‘g‘limning muvaffaqiyati oldida o‘zimniki hech narsa emasdek bo‘lib qoldi, go‘yo…
Ovro‘pada ancha yillardan beri yashab, Germaniya bizga rostdan ham ikkinchi vatandek bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, biz bu yerda baribir “xorijlik”miz. Ayniqsa, xorijlik bo‘la turib, farzanding deyarli faqat nemislar qatnashgan tanlovda g‘olib bo‘lsa, yanada faxr hissini tuyarkansan. G‘oliblarni taqdirlashdan keyin, tadbir qatnashchilari, tanlov ishtirokchilarining ota-onalari, yaqinlari Ilmiyorning robotini tomosha qilishga kelishdi va unga savollar “yog‘dirishdi”; “…Necha yoshsan?.. Nechanchi sinfga borasan?.. Qaysi shahardansan?.. Qanday qilib bu g‘oyaga kelding, robotni qanday yasading, rostdan dasturlashni bilasanmi?…” Savollar orasida “asli qayerliksan?” deganiga o‘g‘lim “O‘ZBEKISTONLIKMAN!”, deb javob berganida, juda faxrlandim…
Garchi, o‘g‘lim Germaniyada tug‘ilib, sanoqligina yurtimizga sayohatga borgan bo‘lsa-da, ya’ni haqiqiy Vatanida sanoqli kunlargina yashagan bo‘lsa-da, ich-ichidan o‘zbekligini biladi, ona tilimizda ravon gaplashadi va shu paytgacha juda ko‘p o‘zbek tilidagi adabiyotlarni mutolaa qilishga ulgurdi. Kitoblarning ayrimlarini qayta-qayta o‘qiydi. Men bolalikda aytgan retro qo‘shiqlarni, masalan, “O‘zbekiston gulzor” qo‘shig‘ini pianinoda musiqasini chalib, mazza qilib xirgoyi qiladi.
Shunday qilib, Sizlar bilan hammasi yaxshilik bilan tugagan ushbu oilaviy hikoyamni bo‘lishgim keldi. Aslida, bu hikoyamdan maqsad o‘g‘limning muvaffaqiyatidan keyin “O‘ZBEKISTONLIKMAN” deganiga urg‘u berish edi, nazarimda…
Ilohi, dunyoning qayerida bo‘lsak ham, baralla: “Dunyo, tanib qo‘y, O‘ZBEKISTONLIKMAN!”, deb yurish hammamizga nasib qilsin!
Olg‘a, O‘ZBEKISTON!.. Olg‘a, O‘ZBEKISTONLIKLAR!..
Binafsha QALANDAROVA, jurnalist.
“Mojor” mahallasi, Germaniya.
