Yurtimizda shunday insonlar bor ekan-ki, ular butun umrini ishiga, xalqiga baxshida qiladi. Ana shunday tumandoshlarimizdan biri O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Ular bilan yaqindan tanishish maqsadida «Gulobod» mahallasiga bordik.
Mastura Shomurodova, 1962-yil dehqon oilasida tug‘ilgan. Yoshligidan dalada mehnat qilib, avvalgi kolxoz tizimida uzoq yillar ishlagan.
Olti farzandning onasi. M. Shomurodova turmush o‘rtog‘i bilan farzandlarining barchasini oliy ta’lim muassasalarida o‘qitib, uyli-joyli qilgan. Ularni el xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalagan. Hozirda o‘n besh nabiraning momosi.
Ayni vaqtda “Gulobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.
– “Gulobod” mahallasida 22 yildan buyon ishlab kelaman. Shu davrning 20 yilini mahalladoshlarimizning xohishi bilan mahallaga raislik qilib o‘tkazyapman, – deydi Mastura Shomurodova. – O‘tgan vaqt davomida mahalla tizimining bosib o‘tgan yo‘lida bevosita ishtirok etdim.
Bugun mahallamizda kambag‘allikni va ishsizlikni bartaraf etish, aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar va ajratilayotgan mablag‘lar e’tirof etishga arziydi. Qolaversa, mahalladoshlarimiz ham davlatimiz tomonidan mahallabay ishlash borasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda doimo yelkadosh bo‘lmoqda.
Mahallamizning ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi kabi birlamchi aholi ehtiyojlari ta’minlanib, ko‘chalarimiz oxirgi 5-6 yilda yangidan asfalt qilindi. Ayni paytda 3 ta ko‘cha “Tashabbusli budjet” loyihasiga qo‘yilib, ovoz yig‘ish jarayonlari davom etmoqda.
Mahallada qanday muammo bo‘lsa, deyarli barchasiga quyi tizimda yechim topishga erishamiz. Shu paytgacha mahallamiz ahli muammolarini viloyat-u respublika darajasigacha olib chiqmadi. Chunki, mahallada yechilmagan masalamiz, albatta, tumanda hal etiladi. Mahalladagi nuroniylar maslahatgo‘ylarimiz. Mahalla raisining ishi, fikrimcha, eng avvalo, tinchlikni o‘rnatish. O‘z o‘rniga ega bo‘lib, mahalla ahlini o‘z ortidan ergashtirish, deb bilaman. Ba’zi mahalla raislarini, hattoki, o‘z fuqarosi tanimaydi. Bu juda ham noto‘g‘ri. Mahallada hech kim meni “rais” deb chaqirmaydi. “Mastura momo” yoki “Aya” deyishadi. Barchaga birdek maslahatlar berib, boqimandalikning ham oldini olishga harakat qilamiz.
“Gulobod” mahallasining haqiqatdan ham ozoda, nomiga mos mahalla binosida bo‘lganimizda, mahalla raisining tajribali va mahalla ahlini yaxshi bilishini anglab olish qiyin kechmadi.
“Gulobod” mahallasida 506 ta xonadon bo‘lib, 887 ta oilada 2 ming 533 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Ularning tinch-totuv bo‘lishida esa Mastura Shomurodovaning o‘rni kattadir.
Ayni paytda mahallani ijtimoiy-iqtiodiy rivojlantirish, infratuzilmasini yaxshilash, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilyapti.
Har insonki, chin dildan ishini bajo qilib, insonlarga manfaatli, adolatli bo‘lsa, albatta, o‘z mukofotini olgaydur!
Muhim24.uz tahririyati