«Farmasevt» Sardor Kariyev qamoqqa olindi

«Farmasevt» Sardor Kariyev qamoqqa olindi
foto: intermet tarmoqlaridan

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda aniqlangan holatlar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. Oʻzbekistonning bosh “farmatsevti” Sardor Kariyevga juda koʻp miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar hamda byudjet mablagʻlarining sarf qilinishida belgilangan talablarning qoʻpol ravishda buzilganlik holatlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Xabarda aytilishicha, Korrupsiya agentligi tomonidan agentlik hamda uning huzuridagi korxonada oʻtkazilgan oʻrganishda juda koʻp miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar, byudjet mablagʻlarining sarf qilinishida belgilangan talablarning qoʻpol ravishda buzilganlik holatlari aniqlangan va hozirda DXX tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Dok-1 Maks” va “Ambranol” siropining nojoʻya taʼsiri sababli “oʻtkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdor shaxslar qamoqqa olingan.
Xususan, toʻplangan dalillar asosida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori S.K. hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador boʻlgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish boʻyicha gumon qilinib ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Dastlabki tergov davomida sifatsiz dori vositalarini Oʻzbekistonga import qilib, isteʼmolga chiqarilishiga ruxsat bergan masʼullar doirasini aniqlab, harakatlariga huquqiy baho berishga qaratilgan kompleks tergov-tezkor harakatlari va tegishli ekspertizalar oʻtkazilmoqda.