“Ayollar daftari”ning 5-bosqichiga xatlov boshlandi. Unga kimlar kiritiladi?

“Ayollar daftari”ning 5-bosqichiga xatlov boshlandi. Unga kimlar kiritiladi?
foto: reverasite.com

Barchamiz ayollar muammolarini hal etish uchun bir yoqadan bosh chiqarib, bor kuch-g‘ayratimizni va shijoatimizni to‘liq safarbar qilishimiz, idoralararo samarali hamkorlikni ta’minlashimiz kerak.

Shunday ekan “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi 2024-yilning  5-yanvar kunidan boshlandi. Bunda jarayonlar quyidagicha amalga oshiriladi:

Birinchidan, joylarda davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat har biri 8 nafardan bo‘lgan ishchi guruhlar tuziladi.

Mahallalarning har birida bittadan ishchi guruh ishlaydi.  Ishchi guruh tarkibiga mahalla raisi, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari hamda tuman (shahar) tashkilotlaridan vakillar jalb etiladi.

Ikkinchidan, ishchi guruhlar xonadonlarga birma-bir shaxsan kirishadi va 30 yoshdan oshgan har bir xotin-qizning muammolarini o‘rganib chiqadi.

O‘rganishlar so‘rovnomalar asosida olib boriladi. So‘rovnomalar ishchi guruhlarga yetkaziladi.

O‘ylaymanki, bu masala uncha katta qiyinchiliklar tug‘dirmaydi, sababi bu ishlar bilan oldin ham shug‘ullanib kelganmiz va bu bo‘yicha hammani tajribasi bor.

Qolaversa, har bir mahallada xotin-qizlar bazalari shakllantirilgan. Bu degani bizda dastlabki ma’lumotlar mavjud.

Shu ma’lumotlar asosida xotin-qizlarning xonadoniga kirib, ularning bugungi kundagi dolzarb muammolarini aniqlashimiz lozim.

Bunda, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim:

  1. “Ayollar daftari”ning 4-bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish paytida ba’zi sabablarga ko‘ra suhbatlashish imkoni bo‘lmagan xotin-qizlar xonadoniga kiriladi. Bular:

– ichki migratsiyada yurgan va hozirda qaytib kelgan xotin-qizlar;

– tashqi migratsiyada yurgan va hozirda qaytib kelgan xotin-qizlar;

– o‘sha paytlarda sog‘lig‘i tufayli kasalxonada bo‘lgan xotin-qizlar;

– jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan xotin-qizlar.

  1. “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan, biroq ayni paytda ehtiyojmand bo‘lib turgan 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xonadoniga kiriladi.
  2. “Temir daftar”ga kiritilmagan ehtiyojmand xotin-qizlar xonadoniga kirib, muammolarini o‘rganish kerak.
  3. “Temir daftar”da turgan, lekin hali yordam berilmagan hamda “Ayollar daftari”ga kirish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ham alohida e’tibor berish lozim.

Bunda, ushbu xotin-qizlar “Temir daftar”dan chiqish sharti bilan “Ayollar daftari”ga kiritilishi mumkin.

Ya’ni bir vaqtning o‘zida bir ayol ikkala “daftar”da turishi mumkin emas. Bu Nizomda belgilangan talab.

  1. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlar to‘liq xatlov qilinishi lozim.

Bunda bir jihatni hisobga olish lozim, ya’ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan xotin-qizlar moddiy yordam olayotgan bo‘lsa ular “Ayollar daftari”ning quyidagi toifalarning biriga kiritiladi:

1-toifa: “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar”,

2-toifa: “Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar”,

5-toifa: “Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar” toifalariga kiritilishi mumkin.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan, biroq moddiy yordam emas, balki unga boshqa ijtimoiy xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, istalgan toifalardan biriga kiritilishi mumkin.

“Ayollar daftari”ning 5-bosqichida shularga birinchi navbatda e’tibor qaratishimiz kerak.

– 2024-yilning 5-yanvaridan 31-yanvarigacha xonadonma-xonadon yurish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish ishlarini olib borish kerak bo‘ladi;

– 1-fevraldan 15-fevralgacha “Ayollar daftari”ning 5-bosqichiga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlarini shakllantirish hamda ularning “individual dasturlari”ni ishlab chiqish kerak.

Ro‘yxatlarni shakllantirishda xotin-qizlarning ehtiyojlari, qiziqishlari, “kredit tarixi”, ehtiyojmandlik darajasi va boshqa masalalarni sinchkovlik bilan o‘rganish lozim.

– 15-fevraldan 28-fevralgacha xotin-qizlar ro‘yxati  va ularning “individual dasturlari” hamda xotin-qizlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasini xalq deputatlari tuman kengashiga tasdiqlash uchun kiritish lozim;

– 2024-yilning 1-mart sanasidan boshlab xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlari boshlanadi.

Ro‘yxatlar tasdiqlangan kundan boshlab mutasaddi tashkilot va idoralar sektorlar rahbarlari bilan birgalikda xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlarini boshlashadi.

Ibodat JO’RAQULOVA,

Paxtachi tumani hokimi o’rinbosari Oila va xotin-qizlar bo’limi boshlig’i