«Besh tashabbus olimpiadasi»da paxtachilik yoshlar yana peshqadamlik qilmoqda

«Besh tashabbus olimpiadasi»da paxtachilik yoshlar yana peshqadamlik qilmoqda

Xabaringiz bor, joriy yil 1-martdan beri Respublika bo‘ylab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida turli yo‘nalishlarda tanlov va musobaqalar bo‘lib o‘tmoqda. Bu an’anaviy musobaqa yoshlar orasida chinakamiga bayramga aylanib ketadi, desak ham mubolag’a bo‘lmaydi. Ayniqsa, turli madaniyat, san’at va sport sohalarida o‘zaro bellashgan yoshlarni ko‘rib zavq olasan, kishi.

Joriy mavsumda ham yoshlar “Bo‘zatov yoshlar ovozi” va “Yosh musavvir”, sport yo‘nalishida yengil atletika, stol tennisi, workout, mini futbol, futbol, armrestling, voleybol, stritbol, kurash, shashka, shaxmat, gimnastrada va “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida bellashdilar.

Bundan tashqari, zamonaviy yo‘nalishlar IT sohalari, kitobxonlik, «Zakovat», «Mushoira», «Ibrat» kabi yo‘nalishlarda ham yangi qirralar kashf etilmoqda. Bularning barchasida yurtimizdagi yoshlar qatorida paxtachiliklar ham yuqori marralarni zabt etishda davom etishdi. Hozirgi kunga qadar musobaqaning to‘rtinchi viloyat bosqichida 16 ta tuman (shahar) yoshlari 65 ta oltin, 65 ta kumush, 67 ta bronza, jami 204 ta medalni qo‘lga kiritgan. Tumanlar kesimida paxtachilik yoshlar 28 ta medal bilan bu yil ham viloyatda yetakchilik qilmoqda.

Aytish joizki, tuman yoshlari o‘tgan yilgi musobaqalarda 208 ta tuman (shahar) orasida eng yaxshi natija qayd etib, respublikada birinchi o‘rinni egallagan edi. Tumandagi 7 ta mahalla yoshlari musobaqalarning respublika bosqichida 6 ta oltin va 2 ta kumush medal bilan 22 ball to‘plagan.