O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev shu kunlarda qator mamlakat elchilari bilan uchrashuvlar o’tkazdi.
Jumladan, 16-fevral kuni B. A’loyev Eron Islom Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston-Eron hamkorligini o‘zaro manfaat kasb etadigan sohalarda yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Joriy yilda o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar, jumladan, turli darajalardagi o‘zaro tashriflar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun amaliy aloqalarni davom ettirishdan ikki tomon tayyor ekani bildirildi.
Shu kunning o’zida Bahromjon A’loyev Ukrainaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Mikola Doroshenkoni ham qabul qilib, u bilan O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining turli sohalardagi dolzarb masalalari muhokama etildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Musa Jamanbayevni qabul qildi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-27-yanvar kunlaridagi Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilinib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari, hukumatlari va hududlararo yo‘nalishida rejalashtirilgan muloqotlar jadvali, ularning tashkiliy hamda mazmuniy jihatlari ko‘rib chiqildi.