Daniyaning “Qattiq kurs” partiyasi yetakchisi Rasmus Paludan 1 fevral kuni muqaddas Qur’oni Karim nusxasini yana yoqib yubordi. Bu haqda u o‘zining X (Twitter) sahifasida ma’lum qildi.
“Soat 12:38 da Turkiyaning Kopengagendagi elchixonasi oldida Qur’on yondirildi”, deb yozgan u. Videoda esa yonayotgan kitob aks etgan.
Bu Rasmusning Qur’onni yoqib yuborishiga oid birinchi holat emas. U 2023 yil yanvar oyida Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi oldida Qur’onni yoqib yuborgandi, bir necha kundan so‘ng Daniyadagi masjid eshigi oldida ham shunday qilgan.
O‘shanda nafaqat mahalliy hokimiyat ruxsati bilan, balki polisiya nazorati ostida ham o‘tkazilgan har ikki harakat musulmon mamlakatlarida o‘ta salbiy munosabatga sabab bo‘lgan. Turkiya hatto Shvesiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini bloklash bilan tahdid qilgan. Biroq keyinroq Shvesiya polisiyasi Stokgolmdagi bosh masjid yaqinida Qurbon hayitining birinchi kunida Qur’onni yoqib yuborishga ruxsat bergan.
Mazkur harakatlardan so‘ng Daniya parlamenti diniy matnlarni yoqishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgan. Bunday harakatlar uchun ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi beriladi.