«Ishdagi ishq» munosabatlari uzoqqa bormadi – yig’ilishda quchoqlashganlar ishdan olindi

«Ishdagi ishq» munosabatlari uzoqqa bormadi – yig’ilishda quchoqlashganlar ishdan olindi

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan mansabdor  A.A  ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat tufayli ishdan bo‘shatildi.

Suratda u videoselektor yig‘ilishi vaqtida ayolni quchoqlab o‘tirgani aks etgan bo‘lib, bu holat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati ushbu hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berib, xodimning xizmat intizomi va odob-axloq qoidalarini buzganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinganini ma’lum qildi.

“Vazirlik o‘z tizimida xizmat intizomi va odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilish prinsipiga amal qiladi va bunday holatlarga mutlaqo murosasiz yondashadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat keng jamoatchilik e’tiborini tortib, davlat xizmatchilarining xulq-atvor standartlariga rioya qilish muhimligi haqida bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Ma’lumot o’rnida, ushbu mansabdor shaxs 2023 yil dekabr oyidan buyon Kattaqo‘rg‘on tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan. Ushbu lavozimiga tayinlanishidan oldin esa shahardagi Oqoltin mahallasida hokim yordamchisi lavozimida ham ishlagan.

Laylo ASHUROVA, tayyorladi

«Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman», Mirziyoyeva

«Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman», Mirziyoyeva

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining kenja qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi. “Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu – har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning o‘rniga boshqa tanlov ham bo‘lishi kerak – uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas”, deya yozgan Mirziyoyeva. Unga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilishi ustida ish olib borilmoqda: bolalarga ziyon yetkazgan shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirish; zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash; javobgarlikni tez va samarali ta’minlash uchun yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish. Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarning asosiy maqsadi – zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi va imkon qadar eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir. Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu o‘zgartirishlar uchun alohida ishchi guruh ham shakllantirilgan. Ishchi guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari kiritilgan. Bu guruh amaliy mexanizmlarni ishlab chiqishga kirishib bo‘lgan.