Yashashimiz, nafas olishimiz, hatto bolalarimiz o‘ynaydigan bog‘larimiz ham bevosita daraxtlar va toza havoga bog‘liq. Ammo ekologiya bu shunchaki ko‘kalamzorlashtirish rejalari va qonuniy talablar emas, balki har birimizning kundalik hayotimizdagi tanlovimizdir. Har bir chiqindi idishi, har bir sug‘orilgan ko‘chat va har bir saqlangan daraxt – kelajakni himoya qilishdir.
2025-yil Paxtachi tumanida ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida qilingan ishlar bilan tanishar ekanman, davlat tashabbusi va jamoatchilik faolligi qo‘lni qo‘lga berib ishlaganda, yashil makonlar nafaqat kengayadi, balki yuraklarda tabiatga hurmat hissi uyg‘otadi. Bahor va kuzda ekilgan millionlab daraxt ko‘chatlari nafaqat tumanning manzarasini go‘zal qilmoqda, balki havoning sifatini oshirayotgan, jamiyatda mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlayotgan tirik guvohlardir.
Ammo, ekologiya faqat ekish bilan cheklanmaydi. U qoidalarni buzgan korxonalarga javobgarlik, suv resurslarini saqlash, chiqindilarni tartibga solish va jamoatchilik nazorati bilan ham chambarchas bog‘liq. Paxtachida amalga oshirilgan ishlar shuni ko‘rsatadiki, tabiatni himoya qilish – bu faqat hujjatlar emas, balki har birimizning xatti-harakatimiz va qarorimizdir.
Shunday ekan, tumanimizdagi yashil makon, toza havolar va tartibli hududlar haqida so‘z ketganda, bu faqat rasmiy tadbirlar emas, balki har birimizning kunlik tanlovimiz va burchimiz ekanligini yodda tutishimiz zarur.
Yakuniga yetgan yilda Paxtachi tumanida ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va aholining yashash muhitini yaxshilash maqsadida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Bahor mavsumida 700 ming tup turli manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 807,5 ming tup ko‘chat ekilgan va reja 115 foizga bajarilgan. Kuz mavsumida ham 700 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, 707 ming tup ko‘chat ekilgan va reja 101 foizga ijro etilgan.
Biroq daraxt ekish jarayonida ayrim korxona va tashkilotlarning sustkashligi, shuningdek, sifatsiz ko‘chatlar ekilgani aniqlangan. Tuman Ekologiya bo‘limi ushbu holatlar yuzasidan tuman hokimi va tuman prokuroriga 5 marotaba rasmiy bildirishnoma kiritib, sifatli ko‘chat ekish bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan. Shu bilan birga, ekilgan daraxtlarni parvarish qilmagan 59 nafar mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 4-qismi asosida ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va jami 216 million 340 ming so‘m miqdorida jarimalar solinib, undirilgan. Bu natijalar tumanimizda ekologik madaniyatni oshirish va yashil hududlarni saqlashda muhim qadam bo‘lgan.
Atmosfera havosini muhofaza qilish yo‘lida ham tizimli ishlar amalga oshirilgan. Prezidentimizning 2024-yil 25-sentabrdagi “Chang boʻronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi va Ekologiya bo‘limi hamkorligida qo‘shma farmoyish ishlab chiqilgan. Tumanda faoliyat yuritayotgan 6 ta g‘isht zavodi, 5 ta tosh maydalash zavodi, 3 ta gips ishlab chiqarish korxonasi, 29 ta karer, 1 ta yog‘ ishlab chiqarish zavodi, 1 ta paxtani qayta ishlash korxonasi, 3 ta parrandachilik korxonasi va 1 ta charmni qayta ishlash korxonasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan, monitoring stansiyalari tashkil etilgan. Jumladan, “RODNIK YOG‘” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yog‘ ishlab chiqarish zavodidagi forpress sexida mavjud tozalash uskunalari yangilariga almashtirilgan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonining ekologik xavfsizligini oshirgan, ishchi-xodimlar salomatligini muhofaza qilgan va atmosfera havosiga salbiy ta’sirni kamaytirgan.
Shuningdek, tuman hududidan oqib o‘tuvchi daryo, kanal va kollektorlarni ifloslanishdan himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilganiga ko‘pchiligimiz guvohi bo‘ldik. Tumanda faoliyat yuritayotgan jami 23 ta avtomobillarni yuvish shoxobchasi ekologik talablar asosida faoliyat ko‘rsatishi haqida faqat ekologlar emas, mashinasini yuvishga olib borganlar ham o‘ylashi, talab qilishi kerak. Bugun ularning aksariyatida ishlash jarayonida hosil bo‘lgan oqova suvlarning ochiq suv havzalariga tushishini oldini olish uchun beton uralarda lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatilgan va ATTA loyihalari ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, qum-shag‘al aralashmasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan va 85 ta kuzatuv-reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada 82 ta ma’muriy ish ochilgan, huquqbuzarlarga 220 million so‘mga yaqin miqdorida jarima solingan va tabiatga yetkazilgan 61 million 204 ming 472 so‘m zarar undirilgan.
Davlat darajasida ekologik nazorat tizimi takomillashtirilgan. Prezidentning 2025-yil 18-noyabrdagi 343-qaroriga binoan, Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi Ekopolitsiya tuzilmasiga o‘tkazildi. Shu orqali joylarda ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash, tezkor choralar ko‘rish va qonun ustuvorligini ta’minlash imkoniyati kengayishiga umid qilamiz.
Yashil hududlarni kengaytirish va daraxtlarni parvarishlash borasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi 2030-yilga qadar davom etadi. Bu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun faqat daraxt ekish yetarli emas, ularni sug‘orish, parvarish qilish, saqlash va qurib qolishining oldini olish eng muhim vazifa. Shu bois, jamoatchilik, mahalla faollari va har bir fuqaro ushbu jarayonga faol jalb etilishi shart.
Chiqindilarni tartibga solish bo‘yicha tuman hududida “Biz tozalik tarafdorimiz” shiori ostida konteynerlar o‘rnatildi. Natijada chiqindilar tartibsiz tashlanishi sezilarli darajada kamaydi. Endilikda bu tajribani butun tuman bo‘ylab kengaytirish, har bir mahalla, ko‘cha, bozor va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda konteynerlar o‘rnatilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Tabiatni asrash har birimizning burchimiz!
Yurtimizni yashil va obod qilish, daraxtlarni asrab-avaylash hamda chiqindilarni tartibga solish har birimizning mas’uliyatimizdir. Jamoatchilikning faol ishtirokisiz tabiatni ham, kelajak avlodimiz farovonligini ham himoya qilib bo‘lmaydi. Zero, bugun beparvo bo‘lsak, ertangi kunimiz bugunimizdan ham og‘ir bo‘lishi muqarrar.
Sanjar QURBON,
«PAXTACHI» gazetasi bosh muharriri
