Reportajimizni audio shaklda ham tinglashingiz mumkin:
Siz fotosuratlarda ko’rib turgan ushbu ko’ngilochar maydoncha hech qanday shahar yoki tuman markazida emas, balki oddiy bir mahallada qad ko’targan. Paxtachi tumanidagi “Tadbirkor” mahallasida bugungi kunda 3000 nafardan oshiq aholi istiqomat qilib kelmoqda. Shundan 50 foizga yaqinini bolalar tashkil etadi. Mahallaning Ziyokor ko’chasida bunyod etilgan bu maydonchaning yer maydoni 10 sotix bo’lib, joriy yilning yanvar-fevral oylarida qurilish ishlari boshlangan va mart oyi o’rtalariga kelib aholi xizmatida topshirilgan. 2022-yil davomida mahalla ahlining tashabbusi bilan “Tashabbusli budjet” elektron portal orqali 600 mln. so’m mablag’ ovoz yig’ish yo’li bilan qo’lga kiritiladi. Yer maydoni ham aholining o’z mablag’lari hisobidan 40 mln. so’m evaziga sotib olinadi va “Tashabbusli budjet”dan yutilgan pullar to’liq qurilish ishlari va jihozlashga sarflanadi.
— Bu o’yingohning bunyod etilganidan mahallamizning barcha fuqarolari mamnun bo’lishdi. Mahallamiz aholisi birgalikda «Open budjet» loyihasiga tashabbus bilan chiqishib g’olib bo’lishdi. 2023-yilning boshida qurilishi boshlanib, hozirda foydalanishga topshirildi. Albatta, harakat qilinsa, birlashilsa natija ham yaxshi bo’ladi — deydi mahalla raisi Abdulla Izbosarov.
— Mahallamizdagi maydoncha haqida fikrlarimiz juda yaxshi — deydi Shahzoda Muhammadiyeva. — Qo’shni mahallalardan ham aholi vakillari kelib, dam olib ketishmoqda. Nabiralarimiz ham bu yerda vaqtlarini mazmunli o’tkazishadi. Joylar ham egalik, bolalar uchun xavfsiz maydoncha qurildi. Barchamizning kayfiyatimiz a’lo darajada.
Ko’rib turganingizdek, bugun ushbu maydonchada jajji bolajonlardan tortib, katta yoshli mahalla ahli uchun ham sport bilan shug’illanish, bo’sh vaqtini oilaviy maroqli o’tkazish uchun barcha qulayliklar shay qilingan. Voleybol, basketbol maydonchalari, bolajonlar uchun arg’imchoqlar-u, turli xil zamonaviy o’yin jihozlari shu yerda mujassam etilgan. Ha, bugun bu maydoncha ko’pchilikning havasini keltirmoqda, desak ham mubolag’a bo’lmaydi. Ayniqsa, bu yerning tungi manzarasi o’ziga xos latofatli ko’rinadi. Bir so’z bilan aytganda aholining o’zaro jipslashuvi bugun mahallaning farovon hayotiga zamin hozirlayotganiga guvoh bo’ldik.
Jamolbek SALOMOV, Madina ERKINOVA “Muhim24.uz” uchun tayyorlandi.