Samarqand viloyati Paxtachi tumanida sodir bo‘lgan, 4 kishining umriga zomin bo‘lgan baxtsiz hodisa jamiyatimizdagi ikkita jiddiy va og‘riqli muammoni yana bir bor yuzaga qalqitib chiqardi. Bular ko‘chalardagi nazoratsizlik va mas’ul idoralar axborot xizmatlarining o‘z vazifasiga sovuqqonligi.
Joriy 31-may kuni kechki soat 20:25 larda Paxtachi tumanining “Ukrach” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Narpay” kanalida yuk tashuvchi elektromopedning suvga qulashi natijasida mudhish fojia yuz berdi. Dastlabki, tahririyatimiz e’lon qilgan ma’lumotlarda 4 kishi oqqani aytilgan bo‘lsa, rasmiy ma’lumotlar vaziyat aslida ancha dahshatliroq bo‘lganini ko‘rsatdi.
FVV axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan munosabatda keltirilishicha, bortida 8 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan texnika kanalga ag‘darilgan. Ulardan 4 nafari qutqarilgan, 4 nafari esa halok bo‘lgan. Achinarlisi, shundan 3 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.
Tahririyatimiz ushbu fojia ortidan voqeaning kelib chiqish sabablari va uning atrofidagi axborotning berilishini tahlil qildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston ko‘chalarida, ayniqsa qishloq hududlarida uch g‘ildirakli yuk tashuvchi elektromopedlar xalq tilida «skuter» yoki «mototransport» deyiluvchi transportlar soni keskin ortdi. Arzon, yoqilg‘i talab qilmaydigan va boshqarish oson bo‘lgan bu transport turi kundalik ro‘zg‘or uchun qulaydek tuyulishi mumkin. Ammo ulardan foydalanish madaniyati va xavfsizlik choralari mutlaqo nazoratdan chiqib ketgan.
Mazkur voqeada haydovchi o‘zining va qo‘shnisining jami 6 nafar voyaga yetmagan farzandlarini yuk tashishga mo‘ljallangan ochiq bortga mindirib, «sayr»ga chiqqan. Texnik jihatdan odam tashishga mutlaqo moslashmagan, xavfsizlik kamarlari va himoya to‘siqlari bo‘lmagan ushbu transport turi har qanday kichik burilish yoki muvozanat yo‘qotilishida ag‘darilishga moyil.
Bugungi kunda ushbu elektromopedlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilmasligi, ularning Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) tomonidan to‘liq nazoratga olinmagani katta xavf tug‘dirmoqda. Yosh bolalar, muayyan haydash tajribasiga ega bo‘lmagan shaxslar ham ushbu og‘ir texnikalarni bemalol boshqarib yuribdi.
Afsuski, bu kabi ehtiyotsizlik va nazoratsizlik oqibati bugun butun bir boshli mahallani motamga cho‘mdirdi.
Ushbu voqeaning eng og‘riqli va tahririyatimizni o‘ylantirib qo‘ygan jihati — fojia yuz berganidan keyingi mas’ul organlarning matbuot kotiblari tomonidan ko‘rsatilgan «harakat»i bo‘ldi.
Biz — «Paxtachi» gazetasi «MUHIM24.uz» jamoasi, O‘zbekiston qonunchiligi asosida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan, tumandagi yagona rasmiy ommaviy axborot vositasi hisoblanamiz. Vahimalarning oldini olish, jamoatchilikka xolis va tezkor axborot yetkazish maqsadida 1-iyun kuni kun davomida Samarqand viloyati IIB va FVB rasmiy axborot xizmatlari rahbarlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon orqali bog‘landik.
Biroq, qonuniy faoliyat yuritayotgan tuman OAVning shaxsan o‘zi qilgan qo‘ng‘iroqlari va so‘rovlari viloyat darajasidagi mas’ullar tomonidan shunchaki paysalga solindi. Telefonda gapni aylantirish, «Munosabatni biz emas, narigi idora berishi kerak», «Buni IIB chiqarsin» qabilidagi mas’uliyatni bir-biriga ag‘darish, quruq va’dalar bilan vaqtni o‘tkazish taktikasi qo‘llandi.
Viloyat mas’ul idoralari rahbarlari tahririyatimiz bilan telefon orqali gapni aylantirib, «kim birinchi xabar berishi kerak» degan mantiqsiz bahs bilan vaqt o‘tkazayotgan bir paytda — kecha, 1-iyun kuni soat 14:00 da Paxtachida halok bo‘lgan 4 nafar begunoh fuqaroning janozasi o‘qilib, ular allaqachon qabrga qo‘yib bo‘lingan edi! Butun boshli tuman ahli motam tutib, jigarbandlarini tuproqqa topshirayotgan soatlarda, viloyat axborot xizmatlari rahbarlari o‘z vazifalariga bunday yondashishi to‘g‘rimikin…?
Prezident farmonlari va ochiqlik siyosatida axborot xizmatlariga tezkor va xolis axborot tarqatish majburiyati yuklangan. Axborotni yashirish emas, balki uni ochiq, xolis va mas’uliyat bilan yetkazish orqali jamiyatning to‘g‘ri xulosa chiqarishiga xizmat qilishimiz zarur. Chunki har bir voqea ortida nafaqat bir haqiqat, balki undan olinadigan saboq ham bor. Axborotning to‘g‘ri talqini fuqarolarda hushyorlikni kuchaytiradi, xatolardan xulosa chiqarishga undaydi va kelgusida shunga o‘xshash holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shu bois ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatuvchilar zimmasida nafaqat voqeani yoritish, balki uni jamiyat manfaatlariga mos ravishda tushuntirishdek muhim mas’uliyat yotadi.
Paxtachidagi fojia shunchaki «baxtsiz hodisa» emas. Bu — xavfsizlik qoidalariga mensimaslik bilan qarashimiz va mas’ul idoralarning masalaga panja ortidan qarayotganining fojiali yakunidir.
Tahririyatimiz yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagilarni zarur deb hisoblaydi:
Respublika miqyosida yuk tashuvchi elektromopedlar, skuterlar harakati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi, ularni boshqarish uchun muayyan yosh va huquqiy talablar joriy etilishi shart. Agar bo‘lsa, uning amaldagi nazoratini qattiq ushlash lozim.
Mahallalarda profilaktika inspektorlari va faollar kanallar va xavfli hududlar yoqasida bunday texnikalarda odam, ayniqsa yosh bolalar tashilishini qat’iyan cheklashi lozim.
OAVni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bunday yondashuvchan axborot xizmatlari rahbarlarining, ayniqsa, yuqoridagi kabi rezonansli fojia paytida tuman OAVining qonuniy va bevosita so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirgani yuzasidan tushuntirish berishlarini so‘rab qoladi. Jamoatchilik fojia tafsilotlarini uchinchi darajali kanallardan emas, birinchi manbadan tezkorlik bilan bilishga haqli. Mamlakatda so‘z erkinligi va axborot olish kabi huquqlar barcha uchun birdekligini eslatib qo’ymoqchimiz.
Halok bo‘lgan yurtdoshlarimizning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz. Zero, bunday xatolarning badali juda qimmatga tushmoqda — biz farzandlarimizni yo‘qotyapmiz.
«Paxtachi» gazetasi va «MUHIM24.uz» veb-sayti tahririyati
