Foto mavzu uchun tayyorlandi "Muhim24.uz"
Qilmish – qidirmish
Keyingi yillarda aholi orasida firibgarlik, birovning ishonchiga kirib, undan pul undirish va pullarni qaytarib bermaslikka urinish holatlari sezilarli darajada ortib bormoqda. Firibgarlar qilg‘uliklarini hech kim sezmaydi yoki bo‘lmasa olgan pullarni qaytarmasa ham bo‘laveradi, degan xayolga borishmoqda. Oq-qorani yaxshi tanigan, oliy ma’lumotli, 30 yoshga to‘lgan Umar Vohidov (ismi va familiyasi o‘zgartirilgan)ni qonunlarni bilmaydi, shuning uchun jinoyatga qo‘l urgan deyishga hech kim ishonmasligi tayin. Tergov va sudga qiziqtirgan vaqtda IJQX Departamenti Paxtachi tuman bo‘limida ishlagan bu yigit “ASALXON CHAROSXON SAVDO” MCHJ rahbari A.M. bilan bank resurslarini aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan talon-taroj qilish, kredit mablag‘laridan maqsadga zid ravishda foydalanish, ularni naqdlashtirish va oson boylik orttirish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, 2020-yilning 9-dekabrida Navoiy shahrida yashovchi O‘lmas Xo‘jayorov va uning turmush o‘rtog‘i Shohsanam Murodullayevalarning nomidan ularning xabarisiz, soxta hujjatlar tayyorlashadi.
Ayrimlar yillab kredit ololmay yurgan bir paytda er-xotinga 36 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz to‘lash sharti asosida 26 million 800 ming so‘mdan imtiyozli kredit olishga erishadilar. Bu mablag‘ni yuqorida nomi tilga olingan MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib olishadi va naqdlashtirib, shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Bir kunda tikuvchilik faoliyatini tashkil etish uchun er-xotinga imtiyozli kredit uchun mablag‘ ajratishga mas’ul bo‘lganlarning ko‘zlari qayoqda ekan?
U. Vohidov bu bilan qanoatlanmay, oradan sal o‘tmay A.Rahmonov va O. Ataqulovlarning nomlariga rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan kredit mablag‘larini tezlashtirib berilishiga amaliy yordam berishni va’da qilib, MCHJ rahbari A. M.dan 1 million 400 ming so‘m oladi.
Joriy yilning 20-yanvarida jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudida U. Vohidov sudni chalg‘itmoqchi bo‘ldi, MCHJ rahbaridan olgan 1 million 400 ming so‘mni olmaganman, deb turib oldi. Lekin, sud guvohlarning ko‘rsatmalari, to‘plangan dalillarga tayanib, unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 3 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi. O‘ziga qing‘ir ishi orqali tuzoq qo‘ygan firibgarning bu qilmishi boshqalarga ham ibrat bo‘ladi, degan umiddamiz.
Mirzohid TЕMIROV,
tuman ichik ishlar bo‘limi huzuridagi
tergov guruhi tergovchisi, kapitan.