Avvallari o’zbek xonadonlarida ayollar turmush o’rtog’ining ruxsatisiz ko’chaga chiqishmagan. Iffatli, or nomusli bo’lgan ayollar uyida janjal bo’lgudek bo’lsa ko’cha hatlab birovga aytishmagan. Bobo-buvilarimiz aytadi, ayol kishining joyi uyda, ro’zg’orda deydi. Ammo, oxirgi paytlarda ayol-qizlarga nisbatan turmush o’rtog’i yoki boshqa erkak kishilar tomonidan zo’ravonlik kuchayib borayapti. Bu holatlarda ular o’z joniga qasd qilishgacha ham borishdi. Shundan so’ng jinoyatlarning oldini olish uchun 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi mazkur yo‘nalishdagi tub islohotlarni boshlab bergan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining qabul qilinishi yurtimizdagi gender tenglik istiqbollarini belgilab berdi. Gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, parlamentning yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat Kengashlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar natijasida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi muhim masalalarni hal qilishdagi o‘rni ham ortib bormoqda. Jumladan, 2021-yilda O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyalariga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zolarining 49 foizini, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolarining 46 foizini, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiya a’zolarining 41 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi.
Gender tengligi—bu oilada erkaklar va ayollar oʻrtasida teng huquqlarga erishishni nazarda tutadigan tushuncha va boshqa qonuniy munosabatlar. Baʼzi tadqiqotchilarning fikriga koʻra, gender tengligi — bu patriarxal tizimdan keyingi ijtimoiy-jinsiy munosabatlarning keyingi bosqichi. Gender tengligi tamoyili insonning shaxs sifatida paydo boʻlishiga toʻsqinlik qiladigan barcha ijtimoiy toʻsiqlarni oʻrganish va yoʻq qilish, shuningdek, hayotning barcha sohalarida erkaklar va ayollar shaxsiyatini anglash uchun teng ijtimoiy imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Ammo, hozirgi kunga kelib gender tengligi tamoyillari oilaviy rizolarga, turli xil muammolarga olib kelmoqda. Oila boshi doim erkak kishi bo’lib kelayotgan bir paytda ayol-qizlar ularga “teng” kelishmoqda. Gender tengligi tushunchasi, aslida qonun-qarorlarda, zo’ravonlikka uchrayotgan, ko’cha kuyda uysiz, ishsiz yurgan ayollar uchun keng targ’ib qilinishi kerak… Bizda ba’zi ajrimlar, nizolar, urish janjallarning sababi gender tushunchasini noto’g’ri talqin qilinishi oqibatida bo’lib qolmoqda…Gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi.
Maqsad aniq ammo yo’nalish bora-bora o’zgarmoqda. Ko’cha kuyda qizlarning yurish turishini gapirsa, gender tengligi deydi, ayollarimiz esa oilada “Bosh” bo’lishmoqda. Jamiyatimizning muhiti tobora o’zgarayotganligiga mutaxassislar nima deydi…
Avvaliga Paxtachi tumani Adliya bo’limi mutaxassisi ish faoliyatidan kelib chiqib shunday deydi.
— O‘zbekiston Respublikasi zamonaviy dunyoning bir qismiga aylanib borar ekan, ijtimoiy hayotda gender tengligi masalasining dolzarbligi kuchayib boradi. “G‘oyaviy kurashlar” davrida yashayotganligimizni hisobga oladigan bo‘lsak, davlatning ijtimoiy hayotidagi asosiy “chetdan ko‘rinadigan” tasviri gender tengligi masalasidir. Yuqoridagi omil hamda oxirgi vaqtlarda yurtimizda sodir bo‘layotgan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarni oldini olish zarurati mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishni taqozo etadi. Islohotlarning barcha bosqichlarida O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga oladi. Aholi daromadlarini tizimli ravishda oshirib borish, bandlik va mehnat munosabatlarini shakllantirish, aholining ayrim toifalarini, shu jumladan tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha kafolatlar berildi. Ijtimoiy hayotning turli sohalarida: mehnat, fuqarolik, siyosiy hamda ijtimoiy ta’minot sohalarida xotin-qizlarning huquqlari nafaqat erkaklarniki bilan tenglashdi, balki jahon standartlaridan kelib chiqqan holda ayollarga nisbatan ko‘pgina imtiyozlar yaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotda yuqoridagi kabi tub o‘zgarishlar amalga oshayotgan bo‘lishiga qaramasdan, yurtimizdagi aksariyat xotin-qizlar nosog‘lom oila muhitida tazyiq va zo‘ravonlik qurboniga aylanmoqdalar. Jamiyatdagi o‘zgarishlardan bexabarlik hamda aholi o‘rtasida gender tengligi tushunchasining noto‘g‘ri talqin qilinishi mazkur holatni yanada chigallashtirmoqda. Ushbu vaziyatda OAV hamda matbuotning amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qa’bul qilinayotgan qonunlar mohiyatini fuqarolarga yetkazib berishdagi o‘rni beqiyos. Mazkur holatda gender tengligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat hukumatning, balki keng jamoatchilikning ham qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj—deydi Paxtachi tuman adliya bo‘limi inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi yetakchi maslahatchisi Zarif Quvonchbekov.
Mazkur qonunlarning turmush hayotdagi ijrosi, talqini qanchalik ekanligini bilish maqsadida Paxtachi tumani FXDYOga murojaat qildik.
—Albatta gender tengligiga mening munosabatim juda yaxshi. Ayollarimizni zo’ravonlikdan qutqarish ularga e’tibor qilish to’g’ridir. Bu qonun chiqqunga qadar ayollarimizga ko’plab tazyiqlar bo’lgan. Qizlarni erta turmushga majburlab bermaslik ham gender tengligiga bog’liq deb o’ylayman. Qizlarimiz o’qishi, davlat ishlarida ishlashi erkaklar bilan teng huquqlidir—deydi Paxtachi tumani FXDYO bo’limi mudirasi Malohat Mirzayeva.
To’y, nikoh, marosimlar, xat-hujjatlar… Bularning bari bir kunda o’tib ketadi. Xo’p, keyinchi, oilada kim o’zini qanday tutmoqda. Agar hammasi risoladagidek ketayotgan bo’lsa, turmushdagi kelishmovchiliklar ajrimlar, sudlashuvlar, “yolg’iz ona”lar, “tirik yetim”lar…Qayerdan paydo bo’layabdi.
—Gender tengligi ayol va erkaklarning teng huquqda ekanligi jamiyat miqyosida tasdiqlangan. Ammo, bizning o’zbek mentaletimizga to’g’ri kelmaydigan ayrim ayollarimiz boshqa yo’llardan foydalanishmoqda,—dedi Paxtachi tumani Oila va xotin qizlar bo’limi boshlig’i istefodagi podpolkovnik Ibodat Jo’raqulova.
— Aslida gender tengligi haqiqatdan ham zo’ravonlikka uchragan, oilaviy urish janjallarda qolgan, oilaviy muhiti notinch bo’lgan ayollar uchun talqin qilinishi kerak. Ularga himoya orderlari ham berilmoqda. Bundan to’g’ri ma’noda foydalanish kerak deb o’ylayman. Qadimdagilar bekorga aytishmagan “erkak kishining oldini to’sib o’tmaslik” kerak, o’g’il bola chaqaloq tug’ilsa ham ularni azal-azaldan boshqacha e’zozlagan. Qiz bolani esa oltinga teng qilgan. Oilada ayol va erkakning o’rtasida masofa va o’z o’rni bo’lishi kerak. Mana biz ko’plab urish janjal qilib kelgan oilalarni yarashtirishga tushamiz, ba’zan ayollarning bo’lar bo’lmas gaplarini, ularning harakatlarini eshitib, ko’rib o’zbek bo’lganingdan uyalasan kishi.. Men qariyib 25 yil ichki ishlar tizimida ishlagan bo’lsam, har bitta ayolning nigohlaridan nima demoqchi ekanliklarini anglab yetaman. Ishim davomida, turmush o’rtog’ining oddiy bir dakkisini eshitib “Erim menga zo’ravonlik qilayabdi”, “erim menga tazyiq o’tkazdi” “urdi-so’kdi” gaplar bilan ichki ishlarga murojaat qilgan ayollarni surishtirganimizda buning aksi bo’lib chiqqan paytlari ham bo’lgan. Ayollarimiz uyida uy bekasi, ishda esa xodima bo’lishi kerak. Hozirgi kunda ba’zi ayollar erlaridan sal yuqori oylik olsa bo’ldi ular oilada ham yuqori turishadi. Bunda ularning darrov muomilasi, madaniyati, yurish turishi ham o’zgarib qolayabdi. Ayol kishi har qanday mansabda ishlashidan qatiy nazar uyida uy bekasi bo’lib issiq ovqat qilib turmush o’rtog’ini ishdan kelishini kutib olishi kerak. Shundagina urish janjal kamroq bo’ladi, shundagina ularning bir biriga hurmati oshadi. Sabrli, matonatli bo’ladi. Hozirgi kunda oila qurayotgan ko’p yoshlarimiz alohida yashashni hohlashadi. Ularga bobo-buvilarimizning nasihatlari kerak. Ular kezi kelganda dakki, kezi kelganda maqtovni qariyalardan eshitib o’rganishi kerak. Qariyalarimizning nasihatlari, o’gitlari boshqacha bo’ladi. Yoshlar bularni eshitmas ekan, ular o’z farzandlariga qanday saviya, odob-axloqni o’rgatadi ??
Men o’z hayot yo’llarimni, qiyinchilik ko’rgan kunlarimni ajralish yoqasida turganlarga aytsam ular uzoq sukunatda qoladi… Sababi ular arzimas bahonani deb ajrashmoqda edi…Men bitta oilani bu yo’ldan qaytargan kunim, eng baxtli inson bo’laman. Chunki buning ortida begunoh farzandlar yetim qolar edi, ularning ertangi kelajagiga ham ota onasining aybi ta’sir qiladi. Men hurmatli ayollarimizdan shuni iltimos qilib qolar edimki, Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlardan tog’ri foydalanishlarini, o’zining manfaatini ko’zlagan holda emas ba’lki butun oilani, qiyinchilikka uchrayotgan ayollarni himoya qilish talqinida foydalanishsalar tog’ri bo’lar edi. Jamiyki ayol-qizlarimizga shuni aytib qolamanki, biz o’zbek ayolimiz va shunga munosib bo’lib qolaylik.
Holbuki, oilalarimizda vaziyat shunday ekan, buning sababi nimada, o’q tomiri qayerdan unib chiqayabdi. Ajdodlarimiz bu borada qanday tutimlarga roiya etishgan. Ularning muqaddas rishtalarini saqlash oldidagi dasturi amali nimalar bo’lgan. Va biz, bugungilar, qachondan boshlab ulardan uzildik. Nega?..
—Johiliyat davrida ayol-qizlarimizga bir buyumdek qarashgan. Hazrati Umar roziyaollohu anhu o’z qizini 4 yoshida tiriklay ko’madi. Qizini qo’shnilaridan, odamlar nazaridan yashirib 4 yoshigacha katta qiladi. Lekin baribir johillik ustun kelib, ko’mishgaqaror qilgan.. Ko’mish vaqtida Umar roziyaollohu anhuning ko’z yoshlari shunchalik to’kilganidan, qizi rumolchasi bilan artib qo’yadi. Mehri bor bo’lsa ham baribir ko’mgan. Vaqtlar o’tdi tovba tazarrular qilindi,—dedi Paxtachi tumani “Toshko’prik” jome masjidining imom xatibi Shermamat Eshnazarov.—Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vassallam ayollarning ham alloh yaratganligini, ularning ham haq huquqi bor ekanlgini aytib, insonlarni jaholatdan nurga olib chiqqanlar. Qolaversa, Qur’oni Karimda ayollar haqida “Niso” so’rasi ham nozil etilgan. Ba’zi oilalarda urish janjallar bo’lsa yarashtirishga boramiz. Urish janjallarning asosiy va eng katta sababi bu qaynonalar. Kelin tushirishdan oldin va’da berishadi, kelin emas qiz bo’ladi deb, lekin to’ydan keyin esa hunarini ko’rsatadi. Bo’lmasa shu qizni ham o’zi topgan o’g’liga, keyin nima deydi “yo meni deysan yo xotiningni”. Biz yoshlardan so’rasak “yo’q ajrashmaymiz”, ammo kuyov esa “onamdan o’ta olmayman” deydi.. Qaynonalardan esa nega bunday qilayotganligini so’rasak, “men shunday qiynalganman, meni shunday xo’rlashgan bu meni alamim” deyabdi. Nega oilalarning muhiti o’zgarayabdi, otalar onalar farzandiga vaqt ajratmasligidan bu.. Otalar o’g’liga hunar o’rgatmay qo’ydi, onalar esa qizlariga uy yumishlari o’rgatmayabdi. Orzu havasli to’y bir kunda o’tadi ketadi keyinchi yosh oila qanday aravasini tortadi. Kattalar farzandlarini o’ylasagina urish janjal kamroq bo’ladi. Turli xil jinoyatlar sodir bo’lmaydi. Hozirgi paytda deyarli ko’pchilik oilalarda “rol” ayollarimizda. Ular nima desa shu bo’ladi. Bunday muhitda o’sgan farzand esa kim bo’ladi kelajakda?!. Iffatli, odobi bor qizlar, ayollarimiz ko’payishi kerak. Ammo ular borgan sari “kamayib” ketayabdi.
Biz yuqoridagi yozganlarimiz bilan kimnidir yonini olish yoki kimnidir pastda ekanligi ko’rsatmoqchi emasmiz. Shunchaki, o’zimiz yaratib va yashab kelayotgan hayotimizdan tog’ri xulosa chiqarishimiz, bunda yaratilayotgan imkoniyatlardan, qonun, farmonlardan tog’ri foydalanib, ertangi kelajagimizga chigal hayot emas balki yorqin kunlarni qoldirishimiz darkordir. Zotan, tengsizlikka olib kelayotgan “tenglik”lar “tengsizlikda” davom etmasligi kerakdur.
Madina ERKINOVA, tayyorladi