Ushbu shov-shuvli bayonot geosiyosiy maydonda ancha jiddiy aks-sado berishi tayin.
Eronlik ekspert “AQSH xato qilsa, Tehron Bahrayn va BAA qirg‘oqlarini nazoratga oladi” demoqda.
Eron milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti mamlakat davlat telekanali efirida chiqish qilib, mintaqadagi keskinlik kuchaygan taqdirda Tehronning ehtimoliy strategik rejalari haqida bayonot berdi. Ekspertning ta’kidlashicha, AQSH tomonidan Eronga nisbatan har qanday noto‘g‘ri harbiy qadam tashlansa, Eron Islom Respublikasi bunga javoban Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) qirg‘oqlarini o‘z nazoratiga olishi mumkin.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi xavfsizlik muvozanati bevosita Vashingtonning harakatlariga bog‘liq. U Tehronning mintaqaviy ustunligini urg‘ulab, quyidagi asosiy punktlarni qayd etdi:
Eron mintaqadagi arab davlatlarining qirg‘oq chiziqlarini strategik muhim nuqtalar deb hisoblaydi va zarurat tug‘ilganda ularni «nazorat ostiga olish» rejasi kun tartibida ekanini yashirmaydi.
Ushbu bayonot Pentagon va Oq uyga yo‘llangan ochiq signal sifatida baholanmoqda. Ya’ni, AQSHning Eronga qarshi har qanday agressiyasi faqat Eron hududi bilan cheklanib qolmay, uning ittifoqchilari joylashgan hududlarga ham ko‘chishi mumkin.
Bahrayn va BAA qirg‘oqlarining nazorat qilinishi jahon neft savdosining asosiy arteriyasi bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq Eron ta’siri ostiga o‘tishini anglatadi.
Bu kabi bayonotlar Fors ko‘rfazi davlatlarida, ayniqsa Manama (Bahrayn) va Abu-Dabida (BAA) keskin norozilik uyg‘otishi kutilmoqda. Siyosiy tahlilchilar buni Eronning «psixologik urush» taktikasi deb baholashsa-da, rasmiy Tehronning ushbu ekspert orqali o‘zining qat’iy pozitsiyasini namoyish etayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Eslatibo‘tamiz, so‘nggi yillarda Eron va uning arab qo‘shnilari o‘rtasidagi munosabatlar biroz yumshagan edi. Masalan, Eron va Saudiya Arabistoni kelishuvi. Biroq, AQSH bilan bog‘liq harbiy-siyosiy ziddiyatlar ushbu nozik muvozanatni yana buzib yuborishi mumkin.
Ushbu xabarning xalqaro hamjamiyat va AQSH Davlat departamenti tomonidan qanday qabul qilinishi yaqin soatlardagi rasmiy munosabatlarda ma’lum bo’ladi.
