BYD Yuan Up gibrid modelining O‘zbekistondagi rasmiy narxi e’lon qilindi, ammo narxlar xaridorlarda savollarni shakllantirdi

BYD Yuan Up gibrid modelining O‘zbekistondagi rasmiy narxi e’lon qilindi, ammo narxlar xaridorlarda savollarni shakllantirdi

Bugun — 26-mart kuni BYD Yuan Up DM-i (gibrid) modelining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi va narxi 266 700 000 so‘m etib belgilandi. Bu narx Flagship 110 km komplektatsiyasi uchun ko‘rsatilmoqda.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimizda bu modelning e’lon qilingan narxlari bo‘yicha muhokamali gaplar va savollar shakllanmoqda. Masalan, nega gibrid model elektromobildan qimmat bo‘lmoqda, axir asosiy qimmat qismi bu «batareykasi»ku, o‘zimizda zavodi ochilgan bo‘lsayam nega bizda Xitoydan qimmat, kabi. Keling, endi bu vaziyatni aniq dalillar bilan sizga yanada tushunarli qilib tahlil qilamiz.

Texnologik farq

Gibrid versiya (DM-i) 5-avlod «BYD Super Hybrid» tizimida ishlaydi. Unda 1,5 litrli benzinli dvigatel va «Blade Battery» bor. Sof elektr rejimida 110 km, umumiy 1100 km masofa bosadi.

Bozordagi raqobat

Rasmiy diler bu narx orqali bozordagi eng asosiy raqib — Chevrolet Tracker, ya’ni hozirgi narxi taxminan 215-270 mln so‘m atrofidagi bozori chaqqon avtomobil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatga kirishmoqda.

Zavodning roli

To‘g‘ri, bizda BYDning zavodi bor. Aynan o‘sha Jizzaxdagi zavod hozircha ommaviy ravishda Chazor va Song Plus modellariga e’tibor qaratgan. Yuan Up modeli esa yangi bosqich sifatida mahalliylashtirish rejasiga kiritilgan. Dehqoncha aytganda bu model hozircha O‘zbekistonda chiqarilmayapti, bizdagi bozorga sotuvini ko‘rish maqsadida olib kirilyapti.

Nega qimmat? «Gibrid arzon bo‘lishi kerak emasmi?»

Aslida mantiqan shunday tuyuladi, chunki akkumulyatori kichikroq. Lekin dehqoncha tushuntirsak, elektromobil bu — bitta batareya va bitta motordan iborat «oddiy» tuzilma. Gibrid esa — ham benzin bilan yuradigan motor, ham elektr motor, ham murakkab miya (kompyuter) degani. Ya’ni, bir vaqtning o‘zida ikkita mashinaning a’zolarini bitta korpusga tiqish xarajatni oshiradi. Shuning uchun hozirgi kunda dunyoda gibrid texnologiyasi elektrdan arzon bitmayapti.

«Zavod qurildi-ku, nega narx tushmadi?»

Zavod qurilishi bilan hamma narsa o‘zimizniki bo‘lib qolgani yo‘q. Hozircha bu zavod «konstruktor» kabi — Xitoydan tayyor qismlar, jumladan, motor, korpus, salonkabi qismlar keladi, bizda yig‘iladi.

Temir yo‘l haqi, dilerning 6 yillik kafolati va davlatga to‘lanadigan 12% QQS narxni ushlab turibdi.

Bizda zavod «to‘liq siklda», ya’ni temirni o‘zimizda quyib, ehtiyot qismlarni o‘zimizda yasashni boshlamaguncha, narxlar Xitoydagi darajaga tushmaydi.

«Xitoyda arzon, bizda nega bunaqa?»

Xitoy ichki bozorida o‘zining ishlab chiqaruvchilariga «yordam puli» (subsidiya) beradi, ya’ni zavodga har bir mashina uchun davlat pul to‘laydi. Eksportga chiqqanda esa bu imtiyoz yo‘qoladi. Ustiga-ustak, O‘zbekistondagi rasmiy narx ichida soliqlar, logistika va xizmat ko‘rsatish markazlarining xarajati o‘tiribdi.

266,7 mln so‘m — bu bugungi kundagi «rasmiy va kafolatli» narx. Agar siz uni Tracker bilan solishtirsangiz, Yuan Up gibridi ancha tejamkor (4,3 litr benzin) va texnologik ustunroq ko‘rinadi. Lekin «zavod bo‘lsa arzon bo‘ladi» degan umidlar hozircha faqat yig‘ish bosqichida bo‘lganimiz uchun o‘zini to‘liq oqlamayapti.

Shunaqa gaplar-da…

Jamolbek Salomov, tayyorladi